Quyosh panellari oʻrnatganlarga 10 mlrd soʻmdan ziyod subsidiya berilgan

    Joriy yilning yanvar oktyabr oylarida 6 536 nafar jismoniy shaxs ushbu dasturdan foydalanib, elektr tarmoqlariga oʻtkazilgan quyosh energiyasi uchun 10 mlrd 563 mln soʻm (10 million 563 ming 890 kVt/soat) davlat byudjetidan subsidiya oldi.

    Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Subsidiyaning eng katta qismi quyidagi hududlarga toʻgʻri kelmoqda:

    • Xorazm viloyati — 2,4 mlrd soʻm;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi — 1,7 mlrd soʻm;
    • Toshkent shahri — 1,4 mlrd soʻm.

    Subsidiyani “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek va imtiyozlar” xizmatining “Quyoshli xonadon” boʻlimidagi “Kartaga pul oʻtkazish” oynasi orqali bank kartasiga oʻtkazib olish mumkin.

    2023-yil 1-apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini oʻrnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilangan.