Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur mablagʻlar “Quyoshli xonadon” xizmati orqali toʻlangan boʻlib, 9 oylik hisobda umumiy 188,9 mingta subsidiya ajratilgan.
Subsidiyalarning eng katta qismi quyidagi hududlarga toʻgʻri kelgan:
- Xorazm viloyati — 42,6 mlrd soʻm;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi — 22,4 mlrd soʻm;
- Buxoro viloyati — 15,3 mlrd soʻm.
Shuningdek, Toshkent shahrida 10,7 ming foydalanuvchiga 2,4 mlrd soʻm, Fargʻona viloyatida 9,0 ming holat boʻyicha 2,0 mlrd soʻm, Samarqand viloyatida esa 7,7 ming foydalanuvchiga 1,8 mlrd soʻm subsidiya ajratilgan.
2023-yil 1-apreldan amalga kiritilgan mazkur dastur doirasida oʻz xonadoniga quyosh panellari oʻrnatgan fuqarolar ishlab chiqargan va umumiy elektr tarmogʻiga uzatgan har bir kilovatt·soat energiya uchun 1000 soʻmdan subsidiya olish huquqiga ega.
Subsidiya mablagʻini “Soliq” mobil ilovasi orqali, “Keshbek va imtiyozlar” xizmatidagi “Quyoshli xonadon” boʻlimidagi “Kartaga pul oʻtkazish” oynasi orqali bank kartasiga oʻtkazib olish mumkin.