Mazkur seminar joriy yil 20-sentyabrda boshlangan boʻlib, 22-sentyabrda yakunlanadi. Unda Yevropa va MDH mamlakatlari mutaxassis va ekspertlari ishtirok etyapti. Mazkur konferensiya “Forum Globa” xalqaro tashkiloti tomonidan Xalqaro elektraloqa Ittifoqi koʻmagi bilan tashkil etildi.

Seminar dasturi oʻz tarkibiga radioxalaqitlarni chegaradosh davlatlar bilan birgalikda bartaraf etish boʻyicha radiochastota spektrini muvofiqlashtirish amaliy jihatlari, Yevropa va MDH davlatlarida keng polosali texnologiyalarni tatbiq qilishda 1 GHzs dan past, oʻrta va yuqori chastotalardan foydalanish, 5G texnologiyasining istiqbollari Umumjahon radioaloqa konferensiyaga tayyorgarlik holati va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Seminar doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Radiochastota spektridan foydalanishni tartibga solish boʻlimi rahbari D. Dusmatov mintaqada keng polosali texnologiyalarni joriy qilish masalalariga bagʻishlangan maʼruza bilan qatnashdi.

Shuningdek, seminar davomida “Inmarsat” va “Huawei” kompaniyalari vakillarining Oʻzbekiston aloqa maʼmuriyati bilan onlayn uchrashuvi belgilangan. Mazkur uchrashuv MDH mintaqasida yaqin hamkorlikni taʼminlash mavzusiga bagʻishlanadi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.