Ramazon hayiti kunlari Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushi qurbonlarining xotirasi yodga olindi

    Voqea-hodisalar 5 May 2022 1155

    Muborak Ramazon hayiti hamda yaqinlashib kelayotgan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan shu yil 3-may kuni Oʻzbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi Niderlandiyaning Lyoysden shahri yonidagi “Rastxof” qabristoni hududida joylashgan “Sovet shon-sharaf maydoni” xotira xiyobonida boʻlib oʻtgan anʼanaviy xotira marosimida ishtirok etdi.

    Dastavval shuni aytib oʻtish kerakki, har yili 5-may kuni Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushidan buyon turli harbiy harakatlar va tinchlikparvarlik operatsiyalari qurbonlarining xotirasi yodga olinadi. Butun mamlakat boʻylab xotira marosimlari oʻtkaziladi. Joriy yilda koronavirus bilan bogʻliq cheklovlar olib tashlangani munosabati bilan marosimlar keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazilyapti. 3-mayda oʻtkazilgan marosim 5-mayda mamlakat boʻylab oʻtkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlik doirasida tashkil etildi.

    Tadbirda Niderlandiyaning “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi koʻngillilari, shu jumladan, mahalliy oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda maktab oʻquvchilari, Niderlandiyada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonlik vatandoshlar, Oʻzbekiston-Niderlandiya doʻstlik jamgʻarmasi rahbariyati qatnashdi.

    Bundan tashqari, mehmonlar orasida Niderlandiyaning “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi hamda Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tomonidan Niderlandiyaga taklif etilgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi –Laziz Qahhorov va Yelena Jilina ham bor edi. Ular mazkur xotira xiyobonida dafn etilgan amakisi Saidqul Qahhorov va bobosi Ploщadnov Valerianning qabrini ziyorat qilish maqsadida kelgan edi.

    Marosim davomida Ikkinchi jahon urushida Niderlandiyada qurbon boʻlgan va mazkur xotira maydonida dafn etilgan 865 nafar sovet askari, shu jumladan, “Amersfort” konslagerida fashizm qurboni boʻlgan 101 nafar oʻzbekistonlik askarning qabrtoshlari yoniga nafis qilib bezatilgan tirik gullar qoʻyib chiqildi. Gultuvaklar suv bilan toʻldirildi. Shu tariqa xotira xiyoboni gullarga burkandi.

    Soʻngra tadbirning barcha ishtirokchilari xotira maydonining toʻriga toʻplandi. Boʻlib oʻtgan qisqacha muloqot chogʻida Niderlandiya hukumati, keng jamoatchiligi, “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi rahbariyatiga, xususan, uning boshqaruvi raisi, taniqli jurnalist va tarixchi Remko Reydingga xotira xiyobonidagi qabrlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatgani holda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush qurbonlarining, shu jumladan, oʻzbekistonlik askarlarning xotirasini avaylab asrash hamda ularning shaxsini aniqlash borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

    Bundan tashqari, marosim muborak Ramazon hayiti kunlariga toʻgʻri kelgani ham alohida taʼkidlandi. Dunyo ahlini oʻzaro doʻst va birodar boʻlib, totuvlik va hamkorlikda yashashga daʼvat etadigan Ramazon hayiti inson qadrini ulugʻlashning yorqin namunasi ekaniga alohida urgʻu berildi.

    Shundan soʻng urush qurbonlari yodiga Qurʼon tilovat qilindi.

    Qatnashchilar, xususan, “Diplomatic World Institute” tahlil markazi loyiha menejeri Alberto Turkstra ushbu tadbirning oʻzgacha bir ramziy maʼno kasb etganini alohida taʼkidladi.

    — Biz bugun ushbu marosimda ishtirok etish uchun Bryusseldan keldik, — dedi Alberto Turkstra. — Bu yerda dafn etilgan askarlar, shu jumladan, 101 nafar oʻzbekistonlik askarning xotirasini yodga olishga bagʻishlangan bu tadbir bizga oʻzgacha bir koʻtarinkilik va hayajon bagʻishladi. Bizning tahlil markazimiz Oʻzbekistondagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Soʻnggi yillar davomida mamlakatingizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va qurbonlarining xotirasini hurmat bajo aylash borasida koʻrilgan chora va tashabbuslarni alohida taʼkidlash joizdir. “Diplomatic World” jurnalimiz sahifalarida bunday maʼlumotlarni keng yoritib borishdan mamnunmiz”.

    “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi boshqaruvi kengashining raisi Remko Reyding Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va qurbonlarining xotirasini avaylab asrash borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Marosim soʻnggida xayriya oshi tarqatildi.