Gap shundaki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati tashabbusi hamda kombinat olimlari, mutaxassislarining uzoq yillik izlanishlari, ilmiy tadqiqotlari tufayli platina ishlab chiqarish texnologiyasi uchun mualliflik huquqi qoʻlga kiritildi.
“Mamlakatimiz iqtisodiyotiga mis ishlab chiqarish yoʻli bilan tayanch boʻlib kelayotgan OKMKda nafaqat mis, oltin, kumush, balki boshqa noyob – palladiy, reniy kabi metallar ham ishlab chiqarishga erishilmoqda. Endilikda ushbu mahsulotlar qatoriga platina ham qoʻshildi” deyiladi OKMK axborot xizmati xabarida.
Platina oʻzi qanday metall? Zargarlar orasida “Rangli metallar malikasi” deya nom qozongan ushbu nodir metall nisbiy zichligi yuqori, olovga bardoshli, qattiq hamda oʻta egiluvchanligi bilan sanoatda, xususan, avtomobilsozlikda va zargarlar orasida qadrlanadi. Dunyoda 5 ta yirik platina ishlab chiqaruvchi davlat mavjud. Endi ular qatoriga Oʻzbekiston ham qoʻshilmoqda. Bugungi kunda OKMK 7 ta mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasiga oid mualliflik huqiqini qoʻlga kiritgan. Kelajakda kombinat nodir va qimmatbaho metallarni ajratib olish boʻyicha oʻz oldiga ulkan rejalarni belgilab qoʻygan.
Bugun dunyo bozorida 1 grammi 28 dollarga baholanayotgan platina ishlab chiqarish sanoati yildan yilga takomillashib bormoqda. Qoʻrgʻoshindan 2 barobar zich hisoblangan ushbu noyob metall, oʻtga chidamliligi, elektr oʻtkazuvchanligi, zanglamasligi tufayli kosmos sanoatida, tibbiyotda, elektrotexnikada, shishasozlik sanoatida, samolyot va kemasozlikda, kimyo va avtomobilsozlik sanoatlarida keng qoʻllaniladi. Bu faktlar koʻplab sohalarning ravnaqi demakdir. Yurtimizda, xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida platina ishlab chiqarish texnologiyasining yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimiz iqtisodiy ishlab chiqarish salohiyatiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatishi, shubhasiz.