FVV rangsiz, tovushsiz, hidsiz, indamas qotillardan ogohlantirdi

    Ob-havo haroratining pasayib borishi natijasida gaz va boshqa turdagi muqobil yoqilgʻi isitish moslamalaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj ortib boradi.

    "Bunday paytlarda isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida koʻngilsiz hodisalar sodir boʻlishi hamda insonlar is gazidan zaharlanishi mumkin.

    Bunday koʻngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yongʻin va xavfsizlik talablariga rioya qilishingizni soʻraymiz:

    • qoʻlbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmang;
    • tungi vaqt aholi turar joylarida oʻrnatilgan isitish tizimini nazoratsiz qoldirmang;
    • oshxonada oʻrnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
    • isitish pechlari va ularning moʻrilarini sozligiga, ularni turli buyum va toʻsiqlar bilan berkitilmasligiga hamda maxsus tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida tozalanishiga alohida eʼtibor bering;
    • isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamang;
    • isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiya va yoʻriqnomasi talablariga rioya qiling;
    • gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga rioya qiling va ularga rezina shlangalar orqali ulanishga yoʻl qoʻymang;
    • agarda xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollating hamda gaz xizmatiga zudlik bilan xabar bering.

    Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz oʻzingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni koʻngilsiz hodisalardan saqlagan boʻlasiz", deyiladi ogohlantirish axborotida.