Raqamlashtirilayotgan kadastr har bir qarich yerni hisobga olishda muhim ahamiyatga ega

    Raqamlashtirish 9 Iyun 2023 2369

    Ayvonda yonboshlab yotgan Kozimjon aka oshxona shiftiga qaldirg'ochlar in solayotganini sinchiklab kuzatdi. Hademay polaponlar “chug'ur-chug'uri” eshitiladi. Shular haqida xayol surarkan, o'zining bolalari ham ulg'ayib qolganini esladi. Uylarni kengaytirish, qo'shimcha xonalar qurish lozimligini tushundi.

    Ammo hatto yashayotgan inshootining hujjati yo'qligi, yangisiga loyiha tuzishi va tasdiqlatishi kerakligi yodiga tushdi. Bu masalalarni anchadan buyon kechiktirar, negadir hadikda edi. Yaqinda mahallada kadastr bo'limi mas'ullari aylanib yurganini bilgach, darrov darvozani ichidan qulflab qo'ygandi. Endi bemalol ish boshlashi uchun barchasi qonuniy bo'lishi shartligini angladi. Tokchadagi zarur hujjatlarni qo'ltiqlab, tuman markazidagi o'sha tashkilotga yo'l oldi...

    Mamlakatimizdagi izchil islohotlar zamirida insonga bo'lgan e'tibor va xalq farovonligini ta'minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan millat boyligi sanalgan yer maydonlarini asrab-avaylash borasida hamda fuqarolarning mulk huquqi va daxlsizligi, uni ishonchli himoyalashga qaratilgan qator qonunlar va farmonlar qabul qilindi.

    Xususan, yurtimizda tadbirkorlik va shaharsozlik uchun yer uchastkalarini mulk va ijara huquqi asosida ochiq auksion orqali realizatsiya qilish, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni esa dehqon xo'jaligini yuritish uchun ijara huquqi asosida ochiq elektron tanlov orqali berish, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo'lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish orqali yerni bozor aktiviga aylantirish kabi sa'y-harakatlar shiddatli sur'atlarda kechmoqda. Shu o'rinda, yer uchastkalaridan oqilona foydalanish tizimini yo'lga qo'yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni talon-taroj qilinishining oldini olish, jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng qo'llagan holda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga alohida ahamiyat berildi.

    O'zbekiston Prezidentining 2022-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, yerga bo'lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 6243-sonli Farmoni talablari va topshiriqlar ijrosini o'z vaqtida va sifatli ta'minlash masalasi Namangan viloyatida qay darajada?

    - Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlashda boshqarmamiz hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hamkor tashkilotlar, hokim yordamchilari bilan birgalikda ish tashkil etilib, yerga oid huquqbuzarliklar monitoringi yuritilmoqda, - deydi Kadastr agentligining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig'i Bahromjon Fozilov. - Xususan, boshqarma va uning tuman, shahar bo'limlari 2022-yilda yer va kadastr nazorati tadbirlari chog'ida jami 1 ming 162 ta holatda 530 gektar sakkiz toifadagi yer maydonlarini xo'jasizlarcha egallab olish holatlarini aniqladi. Shundan qat'iy tartibda profilaktik tushuntirishlar hamda ko'rsatma asosida 976 ta holatda 490 gektar yoki 84 foiz yer qonunbuzilishini fuqarolar ixtiyoriy ravishda bartaraf etishdi. O'z xohishi bilan bartaraf qilinmagan 40,7 gektar yer maydonida huquqbuzarlik sodir etgan 186 nafar shaxsga noqonuniy qurilmalarini majburiy buzdirish yuzasidan sudlarga da'vo arizalari kiritildi. 70 ta da'vo ariza esa sudlarda qanoatlantirilib, majburiy ijroga yo'naltirildi.

    Xo'jasizlarcha foydalanish va yer xususidagi nizolar bartaraf etiladi

    Sen menga tegma, men esa senga, deydigan paytlar o'tdi. Qo'shma nazorat tadbirlariga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Kadastr agentligi o'rtasida tasdiqlangan “Yerlardan maqsadli foydalanish hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida qonuniylikni ta'minlash bo'yicha hamkorlik to'g'risida”gi tartibga binoan, 27 ta holatda jinoyat alomatlari bo'lgan ish hujjatlari O'zbekiston Respublikasi JPKning 329-330-moddalari talablari asosida huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

    Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi yer va kadastr nazorati bo'limi boshlig'i Dilshod Sotiboldiyevning aytishicha, Chortoq tumanida o'tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro Orifjon Sultonov “Oyqiron mirishkorlari” hududida, xo'jalik xaritasining 544 konturidagi, tuproq unumdorligi jihatidan 45 ball bonitet (unumdorlik ko'rsatkichi, bahosi)ga teng bo'lgan bog'ning 2,4 sotox yer maydonida molxonani, fuqaro Hasanboy Sultonov esa xususiy mulki – “Hazratishoh mirishkorlari” agrofirmasi, xo'jalik xaritasining 395 qism konturidagi, tuproq unumdorligi jihatidan 81 ball bonitetga teng bo'lgan bog' 2 sotox yer maydonida uy-joyni hech qanday huquqiy hujjatlarsiz, o'zboshimchalik bilan qurib olishgan ekan.

    Fuqarolar O.Sultonov va H.Sultonovlar O'zbekiston Respublikasi MJtKning 60-moddasi, 3-qismida ko'rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etishgani sababli ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularning har biri 40,5 mln. so'm miqdorida ma'muriy javobgarlikka tortildi. Uychi tumanida yashovchi fuqaro Zokirjon Jo'rayevning tumandagi “Mirzo Ulug'bek” massivida, “Tuman Agropilla” MCHJ tasarrufidagi xo'jalik xaritasining 142 qism-konturida tuproq unumdorligi jihatidan 64 ball bonitetga teng tutzorning 7 sotixida yer maydoniga ruxsat beruvchi hujjatlarsiz qurtxona va uy-joy qurib olganligi, noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etishga doir ma'muriy bayonnoma tuzildi. Fuqaro Z.Jo'rayev qonunga bo'ysunmaganidan keyin uning qilmishiga JPKning 329-330-moddalari talablari bilan huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga jo'natildi.

    Hisobot yilida 131 ta holatda yerlardan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanib, 119 ta holatda tuman hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi. Shundan 57 tasida 818 gektar yer maydonini tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilishi ta'minlandi. Ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun o'z vaqtida vakolatli organlarga murojaat etmaslikka oid jami 2 ming 335 ta holatga choralar ko'rildi.

    Aholi murojaatlari bilan ishlash tahlili

    Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotadi. Prezidentning Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi xalq bilan muloqot qilish, aholi murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy tizimiga aylandi. Viloyat kadastr sohasida ham murojaatlarni darhol ko'rib chiqish, takroriy murojaatlarga yo'l qo'ymaslik uchun mutasaddilar tumanlarning olis va chegara manzillarida muntazam sayyor qabullar uyushtirishmoqda. Muammoli masalalarni hududlarga chiqib, joyida o'rganilmoqda.

    Kadastr agentligi Namangan viloyat boshqarmasiga 2022-yilda yuridik va jismoniy shaxslarning 1 ming 79 ta murojaat tushgan bo'lib, ular 2021-yilga nisbatan 204 taga oshgan. Bu aholi va tadbirkorlarning yer munosabatlarida yer maydonlariga bo'lgan talablar ortganligini ko'rsatmoqda. Ulardan 842 tasi, ya'ni 78 foizi ijobiy hal qilindi va 237 ta murojaatga huquqiy tushuncha berildi. Yuqori tashkilotlardan kelgan jami 2 ming 461 ta murojaatni malakali mutaxassis o'rganib, belgilangan tartibda javob berildi. Ulardan 1 ming 172 ta murojaatda ko'tarilgan masalalar (72 foiz) ijobiy hal etildi, 1 ming 289 tasiga (28 foiz) esa huquqiy tushuntirildi.

    Shuningdek, kadastr sohasidagi yangiliklardan aholi va tadbirkorlarni xabardor etish uchun yer maydonlari turlari, toifalari, yer maydoni ajratish tartibi, bunda auksion va elektron tanlov asosida yer maydonlari ajratish tartiblari, kadastr hujjati tayyorlash va davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun zarur bo'ladigan huquqiy hujjatlar, uy-joy merosi va boshqa ko'pchilikni qiziqtirgan masalalarda ommaviy axborot vositalari orqali targ'ibot ishlari kuchaytirildi.

    Ochiq va shaffof tizim

    Zamon rivojlanib, har qadamdagi qulayliklar bois ishingiz tez bitadi. Raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish – zamon talabi. Kadastr ma'lumotlar bazasini yuritish hamda viloyatda yer va mol-mulk solig'ini hisoblash siyosatini tizimlashtirish va aktualligini ta'minlash, mahalliy byudjetni barqarorlashtirish maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasining tuman (shahar) filiallari jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli turar va noturar-joylarni atributiv ma'lumotlar bazasini Kadastr agentligining “Ko'chmas mulk-3” integratsiyalashgan axborot tizimi ko'magida yuritmoqda. Hozirda kadastr ma'lumotlar bazasida viloyat bo'yicha qariyb 612 mingta ko'chmas mulkning atributiv ma'lumotlari hamda 623 mingdan ortiq mulkdorlar to'g'risidagi ma'lumotlar shakllantirildi. Natijada yuridik va jismoniy shaxslarga tez, sifatli kadastr xizmati ko'rsatish imkoniyati yaratildi.

    - O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko'rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to'g'risida” 535-sonli qaroriga asosan ilgari uzoq fursatda bajarilgan kadastr xizmatlari endilikda xizmat turiga qarab 2-7 kunda bajarilmoqda, - deydi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig'i Qodir G'afforov. - Kadastr tizimi xodimlari “xonadonbay” ish tashkil qilishlari samarasi o'laroq, 2022-yil mobaynida kadastr ma'lumotlar bazasiga avval hisobda bo'lmagan 19 mingdan ortiq ko'chmas mulk haqidagi ma'lumotlar hisobga olinib, davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Mazkur kadastr yig'ma jildlarining mulk qiymati 1 trln. 492 mlrd. so'mga yetdi. Natijada fuqarolarga qulaylik yaratilib, bank krediti va subsidiya olish, ipoteka rasmiylashtirishlari uchun imkoniyatlar kengaydi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentyabrdagi “Dehqon xo'jaliklari tashkil etishni qo'llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 373-sonli qarori ijrosi yuzasidan 2022-yilda fermer xo'jaliklari va klasterlardan zaxiraga olingan 8 ming 541 gektar yer maydoni viloyat hokimining tegishli qarorlariga hamda tuman hokimliklarining buyurtma xatlariga asosan, tuman hokimliklari nomiga davlat mulki sifatida davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Bu yer maydonlari aholi tarafidan dehqon xo'jaliklari yuritishga 61 ming 555 ta lotga bo'linib, ochiq elektron savdoga chiqarildi. Tanlov g'oliblari bo'lgan 58 ming 628 nafar fuqaroga 30 yilgacha yerdan foydalanish uchun ijara shartnomalari imzolanib, davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Ular o'z oila a'zolari bilan o'sha yerda mehnat qilib, daromadlarini oshirishga va 150 mingdan ziyod ish o'rni yaratish uchun zo'r imkon tug'ildi. Bu shuncha oilada moddiy ahvol yaxshilanadi, shuncha qalbga quvonch, shodlik kiradi, deganidir.

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 71-sonli qarori ijrosi bilan Namangan viloyatida Davlat xizmatlari markazlari hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun jami 2 ming 936 ta buyurtma 170,4 gektar yer maydoni haqidagi ma'lumotlar “Yerxususiylashtirish” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritildi.

    Ushbu qaror ijrosi bilan jami 7 ming 624 ta (172 gektar) yer uchastkasi “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilib, vakolatli tashkilotlar tomonidan 3 ming 84 ta (53 gektar) yer uchastkasiga ijobiy xulosalar olingach, “E-Ijro auksion” elektron savdo maydonchasiga chiqarilgan va 15 milliardan ziyod so'mga tadbirkorlarga sotildi. Bugungi kun holatida 2 ming 465 ta (65,3 gektar) yer uchastkalari 41,687 mlrd. so'm boshlang'ich narx bilan “E-Ijro auksion” elektron savdo maydonchasida turibdi. Natijada tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yer maydonlari ajratilishida ochiq va shaffof tizim shakllantirildi.

    Kadastr pasporti “onlayn” tarzda rasmiylashtirilyaptimi?

    Hujjatlaring shay tursa va kamchiligi bo'lmasa, xotirjam yurasan kishi. Aholining turar va noturar joylariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko'rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to'g'risida”gi 535-sonli qaroriga asosan bugunga qadar murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarning kadastr pasportlarini tayyorlashga buyurtmalar hamda ijrosi jarayonlari “Davreestr Pro2” dasturi orqali elektron tarzda zudlikda va sifatli xizmat ko'rsatilishiga erishilmoqda.

    2022-yilda elektron tarzda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun jami 60 ming 323 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 41 ming 180 tasi ijobiy hal qilindi, 1 ming 313 tasi ijro etilib to'lovi kutilmoqda, qolgan 17 ming 96 ta murojaatchi bilan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ish tashkillashtirildi. Murojaatlarning 7 ming 882 tasi ko'p qavatli uydagi xonadonlar, 10 ming 626 tasi noturar-joy obyektlari, 35 ming 504 tasi yakka tartibdagi turar-joy obyektlari, 5 ming 994 tasi yer uchastkalariga kadastr pasporti o'rnatilgan tartibda, o'z vaqtida rasmiylashtirib berildi.

    Davlat ro'yxatidan o'tmagan turar joy obyektlari xatlovga olinadi

    Ba'zilar “Xatga tushding, o'tga tushding” qabilida xato fikrlaydi. Aksincha, tarkibga qo'shilsang, turli imtiyozlarga ega bo'lishing mumkin.

    O'zbekiston Prezidenti rahbarligida 2022-yil 18-iyul kuni “Aholiga bo'lib berilgan ekin yerlari va tomorqa uchastkalaridan samarali foydalanish bo'yicha ustuvor vazifalar to'g'risida” o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida kadastr tizimiga aholi xonadonlarini “mahallabay” tahlil qilib, uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatiga ega bo'lmagan xonadonlarning elektron ro'yxatini shakllantirish va uy-joyga egalik huquqini e'tirof etishga asos bo'luvchi hujjatlarni to'plab, elektron bazaga kiritish vazifasi yuklatilgandi.

    Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Ahadxon Nasriddinovning bildirishicha, ayni topshiriq ijrosi uchun palata tasdiqlagan reja-jadval bilan viloyatdagi 308 ming 77 ta davlat ro'yxatidan o'tmagan yakka tartibdagi uy-joylar ro'yxati tasdiqlandi. Ishni jadallashtirish va sifatli bajarish uchun tuman-shahar filiallariga vakillar biriktirildi. Xatlovga jalb etilgan mutaxassislar ishtirokida o'quv-seminar tashkillanib, “UzKad” dasturida ishlash o'rgatildi. 2022-yilda 308 ming 77 ta ko'chmas mulk obyekti, uy-joylar yuz foiz xatlovdan o'tkazildi. Xatlov tahlillariga ko'ra, 4 ming 757 ta holatda davlat ro'yxatidan o'tganligi, 133 ming 525 ta holatda huquqiy hujjati mavjud, biroq davlat ro'yxatidan o'tmaganligi, 169 ming 233 ta holatda haqiqatda huquqiy hujjati yo'qligi aniqlanib, elektron bazasi shakllantirildi.

    Huquqiy hujjati bor 133 ming 525 ta uy-joy egalariga mulklarini davlat ro'yxatidan o'tkazishni yakunlash masalasida davlatimiz rahbari qo'ygan vazifa Namangan kadastr tizimida o'z muddatida va respublikada birinchilardan bo'lib bajarildi.

    Qishloq xo'jaligida yerlarning elektron xaritalari yaratilmoqda

    Qo'lingdagi telefoning internetga ulangan bo'lsa, dunyo kaftingda namoyon. Shu ma'noda, elektron davlat xizmatlari fuqarolarga juda ma'qul tushmoqda. Axir naqdi va vaqti tejalyapti.

    Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, har qarich yer hisobini to'g'ri yuritishni qamragan yumushlar Namangan viloyatida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xususan, kadastr tizimida qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarning elektron xaritalarini yaratish, kadastr pasportini shakllantirish va huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishda “Kadastr va ko'chmas mulklarni ro'yxatdan o'tkazish integratsion axborot tizimi” (UZKAD) dasturida viloyatdagi mavjud 743,3 ming gektar yer maydonidan 608,6 ming gektarining (83 foiz) elektron xaritasi yaratildi, shundan 451 ming gektar maydon (76 foiz) davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Pirovardida yer maydonlari haqiqiy holatini “onlayn” rejimda nazorat qilish va Hukumat tomonidan ekinlarni joylashtirish agrotexnik tadbirlarini bajarish uchun tezkor boshqaruv qarorlari qabul qilishga katta imkoniyatdir.

    Namangan viloyatida 3 ming 387 kilometr yoki 2 ming 946 gektarda joylashgan avtomobil yo'llari UZKAD tizimida kadastr pasporti rasmiylashtirilib, davlat ro'yxatidan o'tkazildi va ushbu yo'nalishdagi ishlar ham respublikada ilg'orlar safida to'liq tamomlandi. Hozirda viloyat bo'ylab o'tgan temir yo'l tarmoqlari hamda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini yagona integratsion axborot tizimi UZKADga kiritish ishlari ketmoqda.

    Malakali kadrlar soha kelajagini belgilaydi

    Boshqarmada bunyodkorlik ishlari va xalq bilan hamnafaslik namunali yo'lga qo'yilgan. Xodimlarning ishlash sharoitini yaxshilash niyatida To'raqo'rg'on va Chortoq tumanlarida kadastr filiali uchun har biri salkam 2 mlrd. so'mlik bo'lgan yangi zamonaviy ikki qavatli ma'muriy bino foydalanishga topshirildi. Siyosiy o'quvlar, ma'naviy-ma'rifiy va sport-madaniy (sog'lomlashtirish) tadbirlari o'rnakka arzigulik. Viloyat kadastrchilari diyorni obod qilishga o'z hissalarini qo'shish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol qatnashishyapti.

    Viloyatimiz aholisi va tadbirkorlarini kadastr yangiliklaridan xabardor etishda boshqarma axborot xizmati tun-u kun faoliyat ko'rsatmoqda. Viloyat kadastr tizimida hozirda 520 nafardan ziyod xodim mehnat qilmoqda. Quvonarlisi, jamoaning asosiy qismi yosh mutaxassislar. Boshqarma va quyi tizimida ishlayotganlarning 175 nafari 30 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlardir. 2022-yilda viloyat boshqarmasi tuman-shahar filiallariga mutaxassisligi bo'yicha 43 nafar xodim ishga qabul qilindi, 54 nafar rahbar va mutaxassis xodimlar o'z yo'nalishlarida bilim-malakalarini oshirdilar.

    Yurtimizda iqtisodiy sohadagi ko'lamdor islohotlar, o'zgarishlar yer va unga bog'liq resurslarning aniq hisobini yuritish, ulardan oqilona foydalanishni yanada takomillashtirishni talab etmoqda. O'tgan yillar davomida viloyatimiz kadastr tizimidagi shahar va 11 ta tuman filiallari o'z mukammal binolariga ega bo'ldi. Ular shinam mebellar, kompyuterlar, orgtexnika vositalari va boshqa jihozlar hamda avtomashinalar bilan ta'minlandi. Tajribali, fidoyi mutaxassislardan iborat jamoa – soha rivoji, istiqbolli taraqqiyoti yo'lida, qolaversa, yosh va malakali mutaxassislar tayyorlash, ularni soha bilimdoni bo'lib yetishishlarida ustoz-shogird an'anasiga sodiq holda o'z kuch va bilimlarini ayamayaptilar.

    Hukumatimizning yuksak g'amxo'rligi tufayli yuqori bosqichga ko'tarilayotganiga javoban kadastrchilar o'zlarining halol mehnatlari bilan odamlarning uzog'ini yaqin, og'irini yengil qilish uchun bor resursini ishga solib, vatanimiz ravnaqi uchun astoydil xizmat qilishadi.

    Ha, yer taqdirini belgilashda uni shaxsiy manfaatdagi ko'chmas mulk deb emas, kelajak avlodga ham bezavol qoldiriladigan boylik ekanini o'ylash va unutmaslik darkor. Dehqon xo'jaligi va tadbirkorlik uchun yer maydonlarini mulk va ijara huquqi asosida oling va egalik qiling. Qisqa 1097 (0369) 223-27-64 raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaatlarni yo'llash mumkin. Savollar, taklif-u tavsiyalar uchun Telegram tarmog'ida maxsus @kadastr_maslahatchi_bot ochilgan.

    Orifjon JO'RAYEV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Mazkur tahliliy maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2023-yil 8 iyun,

    112-sonida “Islohot odimlari” ruknida chop etildi.