Raqamlashtirish boʻyicha Toshkentda sinovdan oʻtgan loyihalar viloyatlarda joriy qilinadi

    Hukumat 22 Fevral 2023 1465

    Yigʻilishda IT sohada dasturiy mahsulot ishlab chiqarishda ham, eksportda ham hududlar kesimida nomutanosiblik kuzatilayotgani, asosiy qism Toshkent shahriga toʻgʻri kelayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    Salohiyati yuqori boʻlgan Navoiyda atigi 20 ming dollar, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bor-yoʻgʻi 170 ming dollarlik eksport boʻlgan. Qoraqalpogʻiston va Surxondaryoda ham iqtidorli yoshlar koʻpligi, lekin ularga sharoit yoʻqligi uchun IT xizmatlari rivojlanmayotgani taʼkidlandi.

    Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida haligacha IT parklar tashkil etilmagani tanqid qilinib, bu boradagi ishlarni jadallashtirishga topshiriq berildi.

    Koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Prezidentimiz yangi imkoniyatlarni koʻrsatdi.

    Eng avvalo, raqamlashtirish boʻyicha Toshkentda sinovdan oʻtgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi.