Konsepsiya boʻyicha uglevodorod konlarini 3D usulda modellashtirish, maʼlumotlarni raqamlashtirish va yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda yuritish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ tarixida ilk marta zamonaviy talablarga mos keladigan “OPEN-SPACE” modellashtirish markazi barpo etildi.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan press-turda ushbu markaz faoliyati, soʻnggi vaqtlarda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar xususida soʻz bordi.
— Ilgari maʼlumotlar qogʻozda boʻlgan boʻlsa, hozir hamma maʼlumotlar raqamlashtirildi, — dedi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Behzod Usmonov. — Albatta, tizimga raqamlashtirish natijasida ishimizni yanada jadallashdi va samaradorlik ortdi.
Soha mutaxassislari maʼlumotlariga koʻra, modellashtirish markazi tomonidan 2019-2023-yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi 7200 dan ortiq quduq boʻyicha 470 mingga yaqin geologik va texnik maʼlumot, 1400 dan ortiq quduq boʻyicha 44 mingta geofizik tadqiqot natijalari va 750 ta seysmik maʼlumot raqamlashtirilgan.
— Yangi konlarni burgʻilash va ulardan gaz ishlab chiqarish doimiy rejamizda bor. Joriy yilda 123 ta yangi kon boʻyicha ishlayapmiz. Ularni kapital taʼmirlash orqali moʻljalga erishish maqsadida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqdamiz, — deydi ushbu markaz boʻlim boshligʻi Anvar Murotov. — Gaz qazib olish va ishlab chiqarish jarayoni ham raqamlashtiriladi. Bu borada “Ye-kon” loyihasi joriy qilinmoqda. Bunda har bir kon hududida gaz ishlab chiqarishni onlayn koʻrib turish va ularda zarur ishlarni amalga oshirish imkoni boʻladi. Eʼtiborlisi, maʼlumotlarni yaxlit tizimda birlashtirish asosida Oʻzbekiston neft va gaz sanoatining yagona milliy maʼlumotlar bazasi yaratildi. Milliy maʼlumotlar bazasini loyihalashtirish, zarur moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish, ularni oʻrnatish va ishga tushirishda AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlik qilindi. Hozir uglevodorod konlarining raqamli 3D geologik va gidrodinamik modellarini tuzish va ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda. Yer osti geologik maʼlumotlarini raqamlashtirish orqali 122 ta konning raqamli geologik, 83 ta konning gidrodinamik, 52 ta konning yer usti tarmoq modellari, 6 ta integral, 2 ta regional modeli va 4 ta konning “Techlog” loyihasi ishlab chiqildi. Modellashtirishning afzalligi shundaki, raqamli geologik, gidrodinamik va tarmoq modellar ishlab chiqarishga tatbiq qlinishi natijasida mavjud xatarlar kamayishiga erishildi.
Xususan, Quyi sharqiy Berdaq, Quyi Surgil, Shoʻrtan, Dengizkoʻl, Alan, Tegirmon, Qulbeshkak, Doyaxotin va boshqa koʻplab konlardagi burgʻilash uchun moʻljallangan 150 dan ortiq quduqning loyihaviy joylashuv oʻrni qayta koʻrib chiqilib, istiqboli yuqori joylarga oʻzgartirildi va konstruksiyasi optimizatsiya qilinib, ijobiy natijaga erishilmoqda. Ishlatilayotgan konlarda geologik xatar ilgari 40-45 foiz boʻlgan boʻlsa, hozir 5-10 foizgacha kamaytirildi. Raqamli transformatsiya natijasida olingan samara 66,7 million dollarni tashkil etdi.
Tadbir doirasida soha mutasaddilari, markaz tomonidan joriy yilda konlarning geologik va gidrodinamik modellaridan tashqari ularning tarmoq va regional modellarini yaratish hamda ishlab chiqarishga integratsiya qilish ishlari amalga oshirilishi haqida ham toʻliq maʼlumot berildi.
Joriy yilda yangi ochiladigan barcha konlarning geologik modeli, 28 ta konning gidrodinamik modeli, 40 ta konning tarmoq modeli, shuningdek, Muborak va Shoʻrtan neftgaz hududlari boʻyicha hamda Buxoro – Xiva regioni rif tizimiga oid jami 3 ta regional model tuziladi.
Press-tur doirasida jamiyat boshqaruvi raisi Ulugʻbek Nazarov “Oʻzbekneftgaz” AJ konlarini raqamlashtirish boʻyicha “Ye-kon” loyihasining maqsadi va undan kutilayotgan natijalar xususida maʼlumot berdi.
— “OʻZLITINEFTGAZ” AJ konlarning ekspluatatsiya koʻrsatkichlarini prognoz qilish vositalari yordamida jadal surʼatlarda uglevodorod xomashyosi qazib olish tizimini tezkor tahlil qilish va boshqarish boʻyicha dasturiy-texnik kompleks ishlab chiqmoqda. Bu tizimning maqsadi yer usti jihozlash tizimlari bilan integratsiyalashgan tarzda tabiiy gaz qazib olishni toʻliq axborotlashtirish va raqamlashtirishdan iborat.
Bu orqali konlardagi qazib olingan tabiiy gazni yoʻldosh suvdan ajratish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, har bir quduqning texnologik ish rejimini, umuman, konlarni optimallashtirish boʻyicha quduq unumdorligining haqiqiy qiymatini hisobga olishga erishiladi. Bugungi kunga qadar “Ye-kon” bazaviy dasturiy-texnik kompleksi, shuningdek, konlarni raqamlashtirishning yer usti jihozlashni tezkor boshqarish tizimi (SCADA) ishlab chiqilgan.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.