Globallashuv sharoitida raqatsional fikrlaydigan, yangi texnologiyalarni erkin qoʻlladigan, zamon talablariga javob beradigan yosh avlodni tarbiyalash davlatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar negizida taʼlim-tarbiya tizimini modernizatsiya qilish, jumladan raqamli taʼlim muhitini yaratish va joriy etish alohida dolzarblik kasb etmoqda. Globallashuv sharoitida xalqaro maydonda raqobatbardosh, innovatsion tafakkurga ega, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallagan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash davlatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan buyuk gʻoyasi asosida oliy taʼlim muassasalarida sifat taʼminlash tizimini rivojlantirish, pedagogik kadrlarning malakasini doimiy oshirib borish va zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish yoʻnalishida izchil ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbekistonda raqamli taʼlim muhitining rivojlanishi mustahkam huquqiy va strategik asoslarga ega. Shuningdek, oliy taʼlim sohasini raqamlashtirish boʻyicha qabul qilingan bir qator normativ hujjatlar va milliy dasturlar ushbu jarayonga mustahkam huquqiy vosita yaratgan.

Zamonaviy taʼlim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlari kechib oʻtishini tushunish uchun, avvalo, “raqamli taʼlim muhiti” tushunchasining mazmun-mohiyatini aniqlashtirish zarur. Raqamli taʼlim muhiti deganda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yaratilgan integralashgan tizim tushuniladi, u elektron taʼlim resurslari, interaktiv platformalar, virtual vositalar va raqamli kontentni qamrab, taʼlim jarayonining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bu tushuncha taʼlimning barcha qatnashchilari – oʻqituvchilar, talabalar, maʼmuriyat va ota-onalar uchun yaxlit informatsion ekotizimni taqdim etadi.

Raqamli taʼlim muhitining asosiy elementlari bir nechta kategoriyalarga boʻlinadi. Birinchi darajadagi elementlar – taʼlim boshqaruvi tizimlari (Learning Management System – LMS) boʻlib, ular orqali oʻquv jarayonini tashkil etish, nazorat qilish va baholash amalga oshiriladi. Moodle, Canvas, Blackboard kabi platformalar dunyo boʻyicha keng tarqalgan. Ikkinchi darajadagi elementlar – MOOC (Massive Open Online Courses) platformalari boʻlib, Coursera, edX, Udemy kabi xizmatlar millionlab oʻquvchilarga imkon beradi. Uchinchi darajadagi elementlar – virtual auditoriyalar (Zoom, Microsoft Teams, Google Meet) va interaktiv vositalar (virtual laboratoriyalar, simulyatorlar, 3D-modellar) xisoblanadi. Toʻrtinchi darajada – raqamli kontent va multimedia vositalar (interaktiv darsliklar, video-leksiyalar, podkastlar, veb-kvestlar) joylashgan.

Jahon tajribasini tahlil qilganda, AQSHning raqamli taʼlimdagi peshqadamligi yaqqol koʻzga tashlanadi. Garvard, MIT, Stenford kabi universitetlar edX platformasini yaratib, bepul onlayn-kurslarni taqdim etmoqda. AQSHda K-12 taʼlim tizimida Google for Education va Microsoft Education platformalari keng qoʻllanilmoqda. Yevropa tajribasida Finlyandiya va Estoniyaning yuqori natijalari diqqatga sazovor.

Raqamli taʼlimning afzalliklari koʻp jihatlidir. Birinchidan, geografik cheklovlarning yoʻqolishi – talabalar dunyoning istalgan nuqtasidan sifatli taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi. Ikkinchidan, individuallashgan oʻqitish – har bir talabaning oʻziga xos oʻrganish uslubi, tempi va qiziqishlariga moslashish. Uchinchidan, interaktivlik – multimedia vositalar orqali maʼlumotni yanada yaxshi oʻzlashtirish. Toʻrtinchidan, raqamli portfolio orqali talabalar oʻz yutuqlarini namoyish etish imkoniyatiga ega. Beshinchidan, 24/7 rejimida taʼlim resurslariga kirish imkoni.

Biroq, raqamli taʼlim xavf-xatarlari ham mavjud. Raqamli tengsizlik – barcha oʻquvchilar zamonaviy texnologiyalarga teng kirish imkoniyatiga ega emas. Ikkinchi xavf – kiberxavfsizlik muammolari: shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, kiberxujumlar, onlayn-tajovuz xolatlari. Uchinchidan, ijtimoiy izolyatsiya – toʻgʻridan-toʻgʻri insoniy muloqotning yoʻqolishi psixologik muammolarga olib kelishi mumkin. Toʻrtinchidan, oʻqituvchilarning raqamli savodxonligi yetishmasligi – pedagoglarning texnologik koʻnikmalari va usuliy tayyorgarligi muammosi. Beshinchidan, taʼlim sifatini nazorat qilish murakkablashishi – onlayn-muhitda oʻzlashtirish darajasini obyektiv baholash qiyinligi.

Oʻzbekistonda raqamli taʼlim muhitini rivojlantirishda ushbu xalqaro tajribalarni hisobga olish, bir vaqtning oʻzida milliy xususiyatlar va ehtiyojlarni inobatga olish muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim tizimida raqamli texnologiyalarning joriy etilishi jarayoni 2017-yildan boshlab tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizdagi barcha oliy taʼlim muassasasi raqamli transformatsiya jarayonining turli bosqichlarida faoliyat yuritmoqda.

COVID-19 pandemiyasi Oʻzbekiston oliy taʼlimi uchun haqiqiy test boʻldi. 2020-yil mart oyidan boshlab, barcha oliy taʼlim muassasalari masofaviy taʼlim rejimiga oʻtdi.

Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan “Elektron universitet platformasi orqali yuridik taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishning innovatsion shakllarini joriy etish” loyihasidagi ishtirokimdan shuni taʼkidlashim mumkinki, xalqaro tajribani mahalliy sharoitlarga moslashtirish jarayonida eng muhimi – universitetlarning oʻz xususiy raqamli ekotizimlarini yaratish boʻldi. Toshkent davlat yuridik universitetida amalga oshirilgan tajriba shuni koʻrsatdiki, instrumental yechimlarni joriy etishdan koʻra, pedagogik yondashuvni oʻzgartirish va sifat taʼminlash tizimlarini raqamli texnologiyalar bilan integratsiya qilish samarali natijalarga olib keladi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston oliy taʼlimida raqamli muhitning shakllanishi tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlari, xalqaro hamkorlik va oliy taʼlim muassasalarining ichki salohiyatlari birgalikda bu jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon beradi.

Raqamli texnologiyalar taʼlim sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Onlayn-seminarlar va vebinarlar zamonaviy oliy taʼlimning ajralmas qismiga aylandi. Ushbu formatning asosiy afzalliklari quyidagilarda: geografik cheklovlar yoʻqolishi – dunyoning turli burchaklaridagi ekspert va mutaxassislar bilan bevosita aloqa oʻrnatish imkoni; interaktiv muloqot – chat, ovoz berish, ekrandagi taqdimot funksiyalari orqali faol ishtirok etish; qayta koʻrish imkoni – yozilgan materiallarni keyinchalik tahlil qilish; iqtisodiy samaradorlik – safar xarajatlarining qisqarishi.

Raqamli taʼlimda sifat baholash mezonlari alohida ahamiyat kasb yetadi. Xalqaro tajribaga koʻra, Quality Matters (QM), AACSB, ABET kabi xalqaro akkreditatsiya standartlari raqamli kontent sifatini baholashda muhim rol oʻynaydi.

Raqamli texnologiyalarning taʼlim sifatini oshirish boʻyicha imkoniyatlari cheksiz. Lekin eng muhimi – bu texnologiyalarni pedagogik maqsadlarga muvofiq, maqsadli va tizimli ravishda qoʻllash. Sifat taʼminlash tizimini raqamli muhit bilan integratsiya qilish, doimiy monitoring va baholash, oʻqituvchilar malakasini doimiy oshirib borish – bular barchasi birgalikda oliy taʼlimning raqamli transformatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishning kaliti hisoblanadi.

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida raqamli muhitning istiqbolli rivojlanishi uchun kompleks va tizimli yondashuv talab etiladi. Xalqaro tajriba va milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda, quyidagi strategik yoʻnalishlarni belgilash mumkin.

Oʻzbekiston oliy taʼlimida raqamli muhitni takomillashtirish uchun 2025-2030-yillar davridagi ustuvor yoʻnalishlar quyidagilardan iborat boʻlishi kerak. Birinchidan, “Raqamli kampus” konsepsiyasini joriy etish – barcha oliy taʼlim muassasalarida integralashgan raqamli ekotizimni yaratish. Buning uchun Wi-Fi 6 standartidagi simsiz aloqa tarmogʻi, 5G texnologiyasi, IoT (Internet of Things) qurilmalari, sunʼiy intellekt asosidagi boshqaruv tizimlari joriy etilishi zarur.

Ikkinchidan, blokcheyn texnologiyasi asosidagi raqamli diplomlar va sertifikatlar tizimini yana rivojlantirish. Bu tizim hujjatlarning haqiqiyligini taʼminlaydi, xalqaro tan olinishini oshiradi va akademik mobillikni osonlashtiradi. Yevropa ittifoqida amalga oshirilayotgan European Student Card Initiative tajribasini oʻrganib, Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, sunʼiy intellekt asosidagi personallashtirilgan oʻqitish tizimlarini joriy yetish. Adaptive Learning texnologiyasi orqali har bir talabaning individual oʻrganish tempi, qiziqishlari va qobiliyatlariga mos oʻquv dasturlarini yaratish mumkin. MIT va Stenford universitetlaridagi tajriba koʻrsatishicha, bunday tizimlar talabalarning bilim oʻzlashtirish darajasini 45% oshirishi mumkin.

Qoʻshma onlayn darslar (Joint Online Courses) konsepsiyasini rivojlantirish orqali talabalar bir vaqtning oʻzida ikki yoki undan ortiq universitetdan dars olish imkoniyatiga ega boʻladi. Buning uchun dars jadvallari sinxronizatsiyasi, kreditlarni oʻzaro tan olish tizimi va birlashtirilgan baholash mezonlari ishlab chiqilishi kerak.

Raqamli sertifikatlash dasturlari orqali talabalar xalqaro tan olingan kvalifikatsiyalarni olish imkoniyatiga ega boʻladi. MIT MicroMasters, IBM Professional Certificates, Google Career Certificates kabi dasturlar Oʻzbekiston talabalari uchun qulay sharoitlarda taqdim yetilishi mumkin. Buning uchun Coursera, edX platformalari bilan institutsional kelishuvlar imzolash zarur. Shu bilan birga, Ochiq taʼlim resurslari (Open Educational Resources - OER) bazasini kengaytirish zamon talabi hisoblanadi.

Oʻzbekistonda raqamli taʼlim muhitini rivojlantirish uchun tizimli, uzoq muddatli va xalqaro standartlarga asoslangan yondashuv talab etiladi.

Raqamli taʼlim muhiti orqali oliy taʼlimda sifat va samaradorlikni oshirishning ahamiyati bugungi kunda shubhasizdir. Globallashuv jarayonlari, raqabatning kuchayishi, axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida zamonaviy raqamli taʼlim muhitisiz yuqori sifatli taʼlim taʼminlash mumkin emas.

Raqamli texnologiyalarning taʼlim sifatiga taʼsiri koʻp jihatlidir. Birinchidan, geografik cheklovlarning bartaraf etilishi orqali taʼlimning qulayligi va teng imkoniyatlar yaratiladi. Ikkinchidan, personallashtirilgan oʻqitish orqali har bir talabaning individual potensiali toʻliq ishga solinadi. Uchinchidan, interaktiv va multimedia vositalar orqali bilimni oʻzlashtirish samaradorligi oshiriladi. Toʻrtinchidan, doimiy baholash va monitoring tizimlari orqali taʼlim sifati doimiy nazorat ostida tutiladi.

Oʻzbekiston oliy taʼlimi uchun raqamli transformatsiyaning strategik ahamiyati undan iboratki, u nafaqat taʼlim sifatini oshiradi, balki mamlakatning xalqaro taʼlim maydonidagi mavqeini mustahkamlaydi, innovatsion iqtisodiyot uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydi va global raqobatbardoshlikni taʼminlaydi.

 

Ikrom Ergashev,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi,

yuridik fanlari doktori, professor