Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bu tibbiyot, transport, qishloq xoʻjaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bugun minglab iqtidorli yoshlarimiz IT va sunʼiy intellekt boʻyicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant, dron, robototexnika kabi yoʻnalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etiladi.
«Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh va mamlakatimiz fuqarosi boʻlgan birinchi oʻzbek kosmonavtini fazoga uchirish boʻyicha ishlarni boshladik.
Bu Yangi Oʻzbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi deb ishonaman», – dedi Prezidentimiz.