Tadbirda taʼkidlanganidek, davlat ishtirokidagi banklarning mijozga yoʻnaltirilganlik darajasi oshirilmoqda. Ushbu vazifalar orasida davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish va bank tizimida davlat ulushini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilib, banklar davlat ishtiroki saqlab qolinadigan hamda xususiylashtiriladigan banklarga ajratildi.
Banklarni xususiylashtirish jarayoni bosqichma-bosqich, yaʼni birinchi bosqichda davlat ulushi mavjud boʻlgan banklar faoliyatini transformatsiya qilish, ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalarini nufuzli xorijiy investorlarga sotish nazarda tutilgan.
Bank tizimini transformatsiya qilish va xususiylashtirish davrida hosil boʻladigan iqtisodiy boʻshliqlarni toʻldirish, yaʼni barcha aholi qatlamlarining moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini taʼminlash va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini amalga oshirish maqsadida davlat ishtiroki 3 ta bankda – Milliy bank, “Agrobank” va “Mikrokreditbank”da saqlab qolinishi belgilangan.
“Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Ipoteka-bank”, “Aloqabank”, “Turonbank” hamda “Qishloq qurilish bank” xususiylashtirishga tayyorlanmoqda. Kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga toʻliq sotilishi koʻzda tutilgan.
Tadbirda, shuningdek, tijorat banklari faoliyatida ilgʻor raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etgan holda aholi va mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, bankomatlar va infokiosklarda amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar turlarini kengaytirish orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini oshirish borasida ham axborot berildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.
Markaziy bank huzuridagi bank va moliya-kredit sohasida axborot va kiberxavfsizlik tahdidlarining oldini olish hamda moliyaviy firibgarliklarga qarshi taʼsir choralarini koʻrish va tekshirish (FINCERT) markazi tashkil etiladi. Albatta, mijozlarning toʻlov xizmatlari bozoriga boʻlgan ishonchini taʼminlash, firibgarlikka qarshi kurashish va maʼlumotlarni himoya qilishda axborot xavfsizligi masalalari eʼtibor markazida boʻladi.