Yagona ijtimoiy reestr bu idoralararo elektron hamkorlikni yo'lga qo'ygan holda, davlat ijtimoiy xizmatlarini ko'rsatish va aholiga bu borada yordam berishning axborot tizimi. Bu tizim nafaqalarni tayinlash va to'lash jarayonlarini avtomatlashtirishda inson omilini, subektivlik, korruptsiya holatlarini bartaraf etish, shaffoflikni ta'minlash imkonini beradi...

Bundan ikki yil muqaddam mutasaddilar shu kabi ilmiy-nazariy fikrlarni mutaxassislarga tushuntirishga kirishganida, ko'pchilikning ko'zlari yonib, “Qani endi, bu tizim tezroq joriy etilsaydi?!” deya orzumand bo'lsa, qolganlarining ko'nglidan “Bu ham navbatdagi mavsumiy tadbir, ish baribir eskichasiga ketaveradi”, degan o'y o'tib turgani ham bor gap edi.

Vaqt hakam. O'tgan davr mobaynida YAgona ijtimoiy reestrni tatbiq etish jarayonlari “Yangi O'zbekiston” gazetasining diqqat markazida bo'lib keldi va bugungi mushohadalarimiz ham uning uzviy davomi hisoblanadi.

Hammasi qanday boshlangan edi?

Dunyoga kelgan har bir go'dak Yaratganning inoyati, ota-onaning oqu qorasi, jigar porasi. Va lekin bu baxt har bir oilaga har xil ijtimoiy holatda nasib etadi. Shu bois ham ularning ehtiyojmand qatlamini davlat o'z himoyasiga oladi. Xususan, bunday oilalardagi bolalarning unib-o'sishini ijtimoiy nafaqa, moddiy yordam orqali qo'llab-quvatlaydi.

Har bir mamlakatda uning mezoni har xil. YUrtimizda esa, ilgarilari bu masala bilan har bir hududda mahalla raisi rahbarligida faoliyat ko'rsatgan komissiyalar shug'ullanib kelgan. Ular esa, o'z navbatida, tasdiqlangan tartib-tamoillar va o'z yondashuvlaridan kelib chiqib, masalani hal qilishgan yoki rad etishgan.

Aytaylik, 14 yoshgacha bolalari bo'lgan ona ijtimoiy nafaqa tayinlash bo'yicha mahallaga ariza berdi. Kotiba o'ndan ortiq hujjat qayd etilgan ro'yxatni qo'liga tutqazadi. Ularni yig'ishga hafta-o'n kun vaqt ketsa, 15 nafardan iborat komissiya a'zolari to'planib, bir qarorga kelishi uchun ham kamida shuncha muddat kerak bo'lgan. Nochor onaning shuncha sabr-toqati ijobot bo'lsa-ku yaxshi, ammo komissiya a'zolaridan biri uning bolasi tomimga tosh otgan qabilidagi gapni aytib qolsa bormi, barcha tazarrular chippakka chiqardi.

— Komissiyaga o'z muammongni ochiq-oydin aytolmaysan, andisha qilasan, — degan edi suhbatlarning birida Guliston shahrida istiqomat qiluchi Malika Qosimova. — Shu mahallada yashaganingdan keyin, ko'z-ko'zga tushib turadi. Hujjatlaring qaytarilganda, uyatdan erga kirib ketganday bo'lasan.

— Bolalarga nafaqa olish uchun, hatto, turmush o'rtog'ingning ishlash-ishlamasligi haqida qo'ni-qo'shnilar imzolagan ma'lumotnoma ham so'ralardi, deb eslaydi Dildora Abiatova.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi qaroriga asosan, mamlakatimizga ham “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi, degan tushuncha kirib keldi. Uning tajribaviy loyihasini o'tkazishga Sirdaryo viloyati tanlandi va 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab bu ishga kirishildi. Asosiy maqsad bola 2 yoshga to'lgunga qadar uni parvarishlash, 14 yoshgacha bolalari bo'lgan va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam hamda davlat tomonidan boshqa ijtimoiy yordamlarni tayinlash, ularni to'lashning avtomatlashtirilgan mexanizmini tatbiq etishga qaratilgan edi.

YAngi tizimni shakllantirish uchun YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 510 ming dollarlik mablag'lar yo'naltirildi, deydi Moliya vazirligi departamenti direktori Nodir Muslitdinov. eng avvalo, Pensiya jamg'armasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va tuman (shahar) bo'limlariga 23 dona komp`yuter, 11 dona lazerli printer va planshetlar taqdim etildi. Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar tayinlash va ularning monitoringini amalga oshirish bo'yicha boshqarma hamda tuman (shahar) bo'limlariga 12 nafar xodim ishga qabul qilindi.

Yangi tizim qanday ishlaydi?

Elektron tizim loyihasi “Development Pathways” ixtisoslashtirilgan xalqaro kompaniyasi tomonidan yaratildi va u orqali 9 ta vazirlik, idoraning (Davlat xizmatlari agentligining FHDYO bo'limi, Moliya vazirligi va Pensiya jamg'armasi, O'zdavgeodezkadastr, Davlat soliq qo'mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligining Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmati va “Xalq banki” ATB) ma'lumotlar bazalari bilan real vaqt rejimida elektron almashuvi asosida ma'lumotlarning olinishi yo'lga qo'yildi.

Shu asosda nafaqa berish va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatish jarayoni tubdan soddalashdi. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida Yagona ijtimoiy reestrga murojaat qilish uchun endilikda faqat muhtoj oila a'zolarining pasporti, tug'ilganligi to'g'risidagi guvohnoma (bolalar uchun) va nikohni qayd etish to'g'risida hujjat (mavjud bo'lganda) nusxalari kerak bo'ldi. Ular mahalla fuqarolar yig'ini idoralari orqali Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasining tuman (shahar) bo'limlariga taqdim etilgandan so'ng ushbu ma'lumotlar reestrga kiritiladi.

Oilaning muhtojligini aniqlash uchun zarur bo'ladigan boshqa ma'lumotlar (oila a'zolari daromadlari – ish haqi, pensiya, stipendiya va boshqalar, nomida mavjud ko'chmas mol-mulki, avtotransport vositalari, ishlashi yoki ishsizligi va boshqa hujjatlar) axborot tizimi orqali mutasaddi idoralardan elektron tarzda olinadi.

Bu oilalarga ma'lumotlarni yig'ish kabi sarsongarchiliklarga barham bergani holda, kam ta'minlanganlikni e'tirof etish hamda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash yoki rad etish jarayoni maksimal darajada shaffolashini ta'min etadi. Yakuniy qaror faqat “Yagona ijtimoiy reestr” axborot tizimidagi edektron mezonlar asosida qabul qilinadi. YAkuniy xabar SMS orqali murojaatchiga etkaziladi.

Keyingi bosqichlarda bu tizim ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro va oilalarga davlat tomonidan ko'rsatiladigan pul yoki mahsulot ko'rinishidagi barcha yordam turlarini (bolalarning bepul bog'chaga qatnashi, o'quvchilarni darsliklar bilan bepul ta'minlash, sog'liqni saqlash muassasalarida bepul yoki imtiyozli tibbiyot xizmatlarini ko'rsatish, ipoteka kreditlari uchun boshlang'ich badalni to'lash va boshqa jihatlarni) qamrab olinishi nazarda tutilgan.

Muxtasar aytganda, Sirdaryo tajribasi qisqa vaqtda har jihatdan o'zining samarador va shaffofligini amalda tasdiqladi.

Tajriba o'zini oqladi, xo'sh undan keyin-chi?

Sochi oqargan avlod vakillari yaxshi eslaydi. YUzaga kelgan tajriba rosa maqtalardi, tatbiq etish uchun namuna qilib ko'rsatilardi. Aslida ham uning joriy etilishi o'z sohasi yoki boshqa hududlar uchun moddiy va ijtimoiy manfaat keltirardi. Lekin medalning ikkinchi tomoni shunda ediki, yangi loyiha yoki tajriba, aytaylik. agar hisob-kitob tizimini tubdan o'zgartirish bilan bog'liq bo'lsa, bu ayrim mutasadilarga “yashirin” daromaddan keladigan ulushning qisqarishiga olib kelishi mumkin edi. Tabiiyki, bu ularga yoqadimi? Albatta, yo'q. Natijada o'ta samarador tajriba boshqa hududlarga joriy etilmay, qumga singgan suvday izsiz ketardi.

To'g'risini aytganda, Sirdaryoda ham Yagona ijtimoiy reestrning pirovard taqdirini shunday bashorat qilganlar ham bo'ldi. Ayniqsa, quyi bo'g'inda, mahalla tizimida. Shukrkim, ularning kutganlari ro'yobga chiqmadi, qaytangga, yangi tizim respubdika bo'yicha ham keng qamrov kasb etdi. Chunki, uni joriy etishda inson omiliga, mas'ul mutaxassislarning dunyoqarashini o'zgartirishga alohida e'tibor qaratildi.

YAna bir muhim jihati, tajriba-sinov jarayonlari Vazirlar Mahkamasi va YUNISEFning doimiy e'tibor markazida turdi. Ayrim yo'nalishlarda aniqlangan kamchilik va muammolar tahlil etila borilib, elektron tizim yanada takomillashtirildi. Barcha jihatlar hisobga olingan holda, 2020 yil 15 mayda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan vaqtinchalik nizom yangilandi.

Prezidentimiz rahbarligida o'tgan yil 3 iyun` kuni o'tkazilgan yig'ilishda, mutasaddilarga yil oxirigacha Yagona ijtimoiy reestrga zamin bo'ladigan yangi tizimni vazirlik — viloyat — tuman — mahalla kesimida to'liq joriy etish bo'yicha ko'rsatma berildi. Loyihani amalga oshirishda YUNISEF grantidan tashqari, Jahon banki tomonidan ajratilgan 5 million dollar ham qo'l kelmoqda.

— Sirdaryo tajribasi o'z samarasini ko'rsatgani hisobga olinib, Prezidentimizning 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi, — deydi Nodir Muslitdinov. — Unga muvofiq, mazkur tizim 2020-yilning oxiriga qadar boshqa viloyatlarda ham bosqichma bosqich tatbiq etilishi belgilandi. Buning natijasida barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi ta'minlanadi. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 2020-yilning birinchi yarmida 600 ming nafar bo'lsa, bu ko'rsatkichni yil oxirigacha ikki barobarga, 2021-yilda bir yarim million nafarga etkazish vazifasi qo'yildi.

Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida kelgusi yildan to'liq ishga tushadigan “Yagona ijtimoiy reestr”da “Temir daftar”dagi barcha ma'lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko'rsatilishi belgilab berildi. Ushbu vazifani to'liq va sifatli bajarish maqsadida esa, 2021-yilda 9 ta vazirlik va idoradan qo'shimcha ravishda 15 turdagi, bundan tashqari yana 12 ta vazirlik va idoradan 20 turdagi ma'lumot olish bo'yicha axborot almashinuvi yo'lga qo'yiladi.

Yangi mezon va kelgusi rejalar

Ma'lumki, barcha zamonaviy axborot tizimlari, shu jumladan, kompyuter va mobil telefonlarda ishlatiladigan barcha turdagi dasturiy ta'minotlar toboro takomillashtirib boryapti. Yagona ijtimoiy reestr ham davlatimizning boshqa sohalaridagi ma'lumotlarni raqamlashtirish ishlarining rivoji bilan uzviy bog'liq bo'lib, ko'shimcha ma'lumotlarni olish, ularni tahlil qilish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni yanada aniqroq aniqlash va ularga manzilli, to'laqonli yordam ko'rsatish qamrovi yanada kengayib boraveradi.

Yaqinda Moliya vazirligida "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimining funktsional imkoniyatlarini yanada kengaytirishga bag'ishlangan yig'ilishda, eng avvalo, bu borada keyingi paytda amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

2021-yilning boshiga kelib, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni iki barobarga ortib,1,2 million oilaga etdi, dedi O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov. Yagona ijtimoiy reestr qisqa vaqt ichida kam ta'minlangan oilalarni aniqlashga yaqindan ko'mak berdi va ularga nafaqalarni manzilli ravishda yetkazib berish imkoniyatini yaratdi. Misol uchun, Qoraqalpog'iston Respublikasida har to'rtinchi, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida har beshinchi oila ijtimoiy nafaqa olmoqda. Taqdim etilgan davlat ijtimoiy yordami, birinchi navbatda, bolali oilalarning moddiy ahvolini yaxshilashga qaratilyapti.

Shu bilan birga, ariza berish va nafaqa tayinlashdagi tanlov mezonlarida ham o'zgarishlar yuz berdi. Yagona ijtimoiy reestrning vazirlik va idoralar ma'lumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvining yanada kengayishi ariza berish jarayonida taqdim etish uchun talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartirildi. endilikda oila a'zolarining daromadlari, doimiy yashash uchun ro'yxatdan o'tganlik, oila tarkibi to'g'risidagi va mehnat organlari tomonidan taqdim etiladigan ma'lumotnomalar talab qilinmaydi.

 Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5-martdagi qaroriga muvofiq, aprel oyidan boshlab nafaqalar tayinlashda yangi mezonlar kiritildi va unda:

yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi, o'zini o'zi band qilgan, yoki chorva mollari va parrandalari mavjud bo'lgan fuqarolarga qo'llaniladigan normativ daromadlar;

qiymati mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining besh baravaridan ortiq bo'lgan qimmatli qog'ozlarning mavjudligi;

oila a'zolarining depozit hisobvaraqlarida mablag'lar miqdori mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining besh baravaridan ortiqligi ham inobatga olinadigan bo'lindi.

Ayni paytda Yagona ijtimoiy reestrning 11ta vazirlik va idoraning elektron ma`lumotlar bazalari bilan axborot almashinuvi yo'lga qo'yilgan.

Yana to'rtta muassasa bilan integratsiyalashish jarayoni kechyapti. Qolgan 8 ta vazirlik va idora ma'lumotlar bazalari bilan qo'shimcha 19 turdagi axborot almashinuvini amalga oshirish yaqin kelajak vazifalari sirasiga kiradi.

 Tizimning funktsional imkoniyatlarining yanada kengayishiga kelganda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “YOshlar daftari” kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va oilalarning ro'yxati ham undan joy oladi. Buning natijasida 30 dan ortiq turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlarni elektron shaklda ko'rsatish imkoniyati yuzaga keladi.

Mushohadalarga shu o'rinda nuqta qo'yish mavridi kelgan edi. Lekin O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletovning 19-may kuni Peterburg xalqaro yuridik forumida so'zlagan nutqidagi bir necha ma'lumot uni davom ettirishga turtki berdi. Ya'ni, adliya vaziri O'zbekistonda davlat organlari tomonidan 18 turdagi ma'lumotnomani talab qilishning bekor qilinishi har yili qariyb 15 million dollar mablag'ni iqtisod qilish imkonini berib, 12 million nafar (aholining 35 foizi) fuqaroning hayotiga ijobiy ta'sir ko'rsatishini qayd etdi.

Bu jarayonda Yagona ijtimoiy reestrning ham munosib o'rni borligini tahlilimiz davomida keltirgan misollarning o'zi ko'rsatib turibdi. Chunki, mazkur tizim hozirning o'zida 20 dan ortiq xizmatni elektron shaklda bajarib bermoqda.

Yana bir diqqatga molik jihati, raqamli texnologiyalarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi o'tgan yili 100 tonna qog'oz, litsenziya va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi hamda elektron hujjatlar berishga to'liq o'tilishi natijasida 1,5 million dollardan ziyod mablag'ni iqtisod qilgan.

Yagona ijtimoiy reestrning bu yo'nalishlardagi samaralarini sarhisob qilish mutasaddi idoralarning o'ziga havola. Biroq, Adliya vazirligining ushbu tahlilini ijtimoiy tizimning moliyviy jihatlariga qiyoslaydigan bo'lsak, YUNISEF va Jahon banki tomonidan ajratilgan 5,5 million dollarlik jami mablag'ning qisqa fursatda qoplanishiga va undan keyin uzoq yillar beminnat xizmat qilishiga doir xulosa kelamiz.

Eng asosiysi, yurtimizdagi barcha ehtiyojmand oila va fuqarolarga bir mezon asosida ijtimoiy xizmat ko'rsatishning shaffof elektron xizmati yo'lga qo'yildi. Ushbu ezgu ishga kamarbasta bo'layotganlar esa, uning faoliyat doirasini tobora takomillashtirib va kengaytirib borishi har yili millionlab ehtiyojmand oilalarning dardiga darmon, ro'zg'orlari butligiga moliyaviy tayanch bo'ladi. Demakki, oilalarga kirib kelgan quvonch ular mehnatiga berilgan baho, o'ksik ko'ngillarning duosi esa, har qanday kishi qalbini nurafshon etadi.

Alqissa, hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek,

“Kimki bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa obod aylagay.”

Ya'nikim, kim ko'ngli o'ksik bir insonni mamnun etsa, yiqilgan Ka'bani qaytadan qurgan, ta'mirlagan kabi savobga noil bo'ladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi