Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida alohida taʼkidlanganidek, endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida — kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur. Shuningdek, dual taʼlim asosida daromad topish va oʻqitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga imtiyozlar berish koʻzda tutilgan.

Raqamli yuridik taʼlimdan asosiy maqsad zamonaviy va fidoyi huquqshunos kadrlarni tayyorlashdir. Shu bois, yuridik klinika raqamli yuridik taʼlim hamda amaliyot integratsiyalashuvida gʻoyat muhim. Anʼanaviy klinik faoliyatdan farqli ravishda raqamli yuridik klinikalar orqali talabalar aholiga onlayn huquqiy maslahatlar berish, elektron murojaatlar bilan ishlash, raqamli platformalarda huquqiy hujjatlar tayyorlash hamda masofaviy huquqiy yordam koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu nafaqat talabalarning amaliy koʻnikmacini oshiradi, balki aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, dual taʼlim raqamli yuridik taʼlimni samarali joriy etishda alohida ahamiyatga ega. Dual yuridik taʼlimning afzalliklarini qator omillar asosida tavsiflab berish mumkin.

Birinchidan, oliy yuridik taʼlim muassasasida bilim va yuridik amaliy faoliyat uygʻunlashtiriladi.

Ikkinchidan, mukammal kasbiy bilimlarni egallagan malakali yurist mutaxassislar va pedagoglardan bir vaqtda taʼlim olish uchun sharoit yaratiladi.

Uchinchidan, huquqni qoʻllovchi idora va tashkilotning tajribali mutaxassislarini pedagogik faoliyatga jalb etish hamda integratsiyalashgan kasbiy aloqalarni shakllantirish, yuridik faoliyat sohasiga moslashish uchun sharoit vujudga keladi.

Qolaversa, yuridik sohada dual taʼlim raqamli sudlar, elektron notariat, onlayn advokatlik xizmatlari,onlayn mediatsiya,onlayn hakamlik sudi, onlayn xalqaro tijorat arbitraji va davlat organlarining axborot tizimlari bilan bevosita ishlash orqali talabalarni real yuridik mehnat bozoriga tayyorlaydi. Ijtimoiy davlat nuqtayi nazaridan qaraganda, raqamli yuridik taʼlimni yuridik klinikalar va dual taʼlim bilan integratsiyalash huquqni muhofaza qilish tizimi samaradorligini oshirish, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish hamda malakali, raqamli va kasbiy vakolatlarga ega huquqshunoslar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, ijtimoiy va huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlida muhim qadamdir.

Murojaatnomada sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi, odil sudlov jarayoni “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etilishi, endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasi kuchaytirilishi alohida taʼkidlandi. Joriy yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini oʻzgartirish hamda bekor qilish vakolati berilishi aytildi. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshiriladi. Jinoyat protsessiga “xalq vakillari hayʼati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda oʻta ogʻir va jamiyatda shov-shuvga sabab boʻlayotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli boʻlishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, majburiy ijro jarayonida samarali muqobil mexanizmlar qoʻllanadi. Sohaga sunʼiy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi. Mana shu omillar zamonaviy yurist kadrlarga ehtiyojni oshiradi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida “Taʼlim sifatini oshirish — yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir” degan ustuvor gʻoya asosida xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, yuridik taʼlim, ilm-fan va amaliyot bogʻliqligini taʼminlash asosiy vazifalar sifatida belgilangan. Bunda taʼlim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini yoʻlga qoʻyish, boshqaruvda akademik-kollegial yondashuvlarni yanada kengaytirish istiqbolli vazifalardan. Eng muhimi, yuridik klinika va dual taʼlim samaradorligi hamda sifati ustidan nazoratni kuchaytirish talab etiladi. Farmondan kelib chiqib, Toshkent davlat yuridik universitetida “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro taʼlim yoʻnalishi joriy etilishi muhim ahamiyatga ega. Bunda, eng avvalo, mazkur yoʻnalishga oʻqishga qabul qilish tanlovi xalqaro standartlarga muvofiq ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida oʻtkaziladi. Tanlovda chet tillar boʻyicha B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi belgilangan. Shuningdek, oʻquv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib borilishi hamda oʻquv jarayoniga yetuk xorijiy professor-oʻqituvchilar jalb etilishi nazarda tutilgan.

Jahonda global raqamlashuv jarayoni jadal rivojlanishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining taʼlim tizimiga keng joriy etilishi hamda huquq sohasidagi islohotlarning chuqurlashuvi yuridik taʼlimni tubdan transformatsiya qilish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Bunday sharoitda yuridik faoliyatining asosiy barcha yoʻnalishini raqamlashtirish hamda sunʼiy intellektni oqilona va xavfsiz tatbiq etish taqozo etiladi. Talab eng yuqori boʻlgan yoʻnalish — raqamli huquq sohasidagi mutaxassis, boshqacha aytganda, AT yurist mutaxassisligidir. Axborot texnologiyalari boʻyicha bilimga ega boʻlmagan yuristlar AT sohasiga oid huquqiy masalalarni hal qilishda vakolatlilikni taʼminlashga erishishi juda qiyin. Holbuki, yangi zamonaviy raqamli huquqiy texnologik ixtisoslik huquqshunos mutaxassislarni malakali tayyorlash va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishda kreativ yondashuvni ishlab chiqishni talab qiladi. Murakkab jihati shundaki, AT yuristning shakllanishi keng koʻlamli standart va malaka talablari bilan bogʻliqlikda yorqin namoyon boʻladi.

Raqamli transformatsiyalashuv sharoitida huquq sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassis bir vaqtning oʻzida huquqning bir necha sohasi boʻyicha kasbiy bilim va koʻnikmaga ega boʻlishi lozim. Raqamli texnologiyalarni mukammal egallagan yuqori malakali, kasbiy mahoratga ega yurist mijozining muammosi mohiyatini juda tez anglab yetadi.

Farmonda nazarda tutilgan eng muhim masalalardan biri Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy etilishidir. Bunda ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi (nazariy qismlari)ni auditoriyalarda, 50 foizi (amaliyot qismi)ni sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda oʻtkazish koʻzda tutilmoqda.

Xorijiy tajribada dual (amaliyotga yoʻnaltirilgan) taʼlimni klinik yuridik taʼlim bilan (real keyslarni hal qilish orqali amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan) uygʻunlashtirish keng qoʻllanadi. Bu yondashuv stajirovkalar, yuridik klinikalardagi amaliyot, simulyatsiya mashgʻulotlari va mentorlik asosidagi oʻqitish orqali malakali yuristlar tayyorlashga xizmat qiladi. Nazariya bilan amaliyotni integratsiya qilish kasbiy vakolatlilik va axloqiy standartlarni shakllantiradi. Ayniqsa, bunday tajriba AQSH va Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Yaponiya va Kanadada ham oʻziga xos tajriba shakllangan.

Dastlab AQSHda shakllangan klinik taʼlimda talabalarga oʻqituvchilar nazoratida real oʻquv va amaliy ishlar bilan shugʻullanish imkoni beriladi. Yuridik klinikalar orqali kam taʼminlangan aholiga bepul huquqiy yordam koʻrsatiladi, amaliy koʻnikmalar rivojlantiriladi. Shunga monand tarzda dual tizim esa stajirovkalar, yuridik firmalarda oʻqish va ishlashni qamrab oladi. Bu jarayon talabalarni bitirguncha kasbiy muhitga moslashtiradi. Bunday ­amaliyot Buyuk Britaniya va Avstraliyada ham keng qoʻllanadi.

Xorijiy davlatlar, xususan, Germaniyada yurisprudensiya sohasidagi dual taʼlim tizimi oliy taʼlim muassasasidagi nazariy oʻqishni korxonalarda (yuridik firmalar, davlat organlari) haq toʻlanadigan amaliyot bilan uygʻunlashtiradi. Bu tizim 3-4 yillik amaliy tajribaga ega boʻlgan tayyor mutaxassisni shakllantiradi va bitiruvchilarga ishga darhol kirish imkonini beradi. Natijada talaba ikki diplom yoki ikki xil malakaga ega boʻladi. Hozir ushbu model boshqa mamlakatlarda ham joriy etish uchun faol oʻrganilmoqda. Asosiy elementlari — talaba, oliy taʼlim muassasasi va ish beruvchi oʻrtasidagi uch tomonlama shartnoma, doimiy amaliyot va mehnatga haq toʻlanishi boʻlib, bu akademik tayyorgarlik bilan mehnat bozorining real talablari oʻrtasidagi tafovutni kamaytiradi.

Amaldagi yuridik klinika va dual taʼlim standarti faqat ayrim fanni nazarda tutadi. Bu esa kasbiy faoliyat raqamlashtirilishi sharoitida mutlaqo yetarli emas. Shundan kelib chiqib, yuristlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish anʼanaviy metodlar, usullar va vositalarni zamonaviy, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishga asoslangan oʻqitish usullari bilan uygʻunlashtirishga tayanishi lozim degan xulosaga kelish mumkin. Raqamli ekotizimni shakllantirish sharoitida boʻlajak huquqshunoslarning yuridik klinika va dual taʼlimni uygʻunlashtirish asosida kasbiy taʼlim olish sifati hamda samaradorligini oshirish malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlashning muhim shartidir.

Shuhrat ROʻZINAZAROV,

yuridik fanlar doktori, professor