Ijtimoiy tarmoqlarda hisoblagichlarning elektr quvvatini ortiqcha hisoblayotganligi va bu qoʻshimcha xarajatlarga sabab boʻlayotganligi yuzasidan isteʼmolchilar tomonidan murojaatlar tarqalib, bu keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Mazkur holatlarni joylarga chiqqan holatda oʻrganib, muammolarni manzilli hal etish choralarini koʻrish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan tezkor ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruh tarkibiga Raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda, “Oʻzenergoinspeksiya”, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ vakillari jalb qilingan.
Ushbu holatlarni oʻrganish davomida aniqlanadigan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
“Hurmatli isteʼmolchilar, sizda ham yuqoridagi kabi muammoli holatlar mavjud boʻlib oʻz yechimini topmayotganligidan norozi boʻlsangiz, Raqobat qoʻmitasining yagona ishonch (1159) raqamiga yoki Telegram messenjerida @rquzBot orqali murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi xabarda.