Raqobat qoʻmitasi ogohlantirmoqda: avtolizing firma xizmatlaridan foydalanishda ehtiyotkor boʻling!

    Oʻtgan yillar davomida avtomobillar uchun oldindan toʻlovlarni amalga oshirgan, biroq belgilangan muddatda avtomobil yetkazib berilmagan yoki toʻlangan pullar qaytarib berilmayotganligi holati boʻyicha 2000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

    Mazkur murojaatlarning asosiy qismi “UMID AVTO COMPANIES” MCHJ, “ORIENT AVTO-LIZING” MCHJ va “IMKON AVTO” MCHJ, “MEGA AUTO LIZING” MCHJ, “AVTO 60-OY” MCHJ, “AVTOHAMKOR 0 FOIZ” MCHJ va boshqa korxonalar xissasiga toʻgʻri keladi.

    Mazkur korxonalar isteʼmolchilarning pul mablagʻlarini qisqa muddatda yangi avtomobil olib berish vaʼdasi bilan jalb qilib, oʻz majburiyatlarini boshqa isteʼmolchilardan jalb qilingan mablagʻlar evaziga qoplash va isteʼmolchilardan olingan pullarni qaytarishni bir yildan ortiq muddatga kechiktirish (ushlab turish) kabi holatlarga yoʻl qoʻymoqda.

    Yuqoridagi holatlar yuzasidan “Umid auto leasing”, «Umid lizing Tashkent”, «Umid auto”, «Umid avto Tashkent”, “Umid avto lizing”, “Mega Avto Leasin-Hamkor”, “Mega Avto Leasin”, “Samo Rimmax Avto”, “Rimmax Auto Leasin”, “Ishonch Auto Leasin”, “Asr Auto Leasin”, “Baraka Avto Baraka Business” MCHJlar mansabdor shaxslariga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

    Biroq, bugungi kunda ushbu kabi korxonalar mansabdor shaxslari tomonidan isteʼmolchilarni chalgʻitish yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan pul mablagʻlarini jalb qilish kabi huquqbuzarliklarni davom ettirmoqda hamda ular faoliyati ustidan isteʼmolchilardan koʻplab shikoyat arizalari kelib tushmoqda.

    Qolaversa, “Avto 60-oy” va “Avtohamkor 0 foiz” kabi aholini millardlab pullarini oʻzlashtirgan avtolizing firmalar haqida juda koʻp marta gapirilgan boʻlsada, ayrim fuqarolarimiz xamon bunday firmalar aldoviga ishonmoqda.

    Hurmatli fuqarolar, avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzish (imzolash) va ularga pul toʻlashdan avval shartnoma shartlari bilan yaxshilab tanishing, unda toʻlovlarning talablari va muammoli vaziyatlarda uning qaytarib olish muddati va shartlari bilan toʻliq tanishib chiqing, firma ishonchliligini axborot manbaalaridan tekshiring, har qanday aldov va vaʼdalarga ishonmang.