Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

Raqobat qoʻmitasiga 2024-yilning 9 oyi davomida telekommunikatsiya xizmatlari boʻyicha 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularni oʻrganish natijasida ortiqcha olingan (hisoblangan) 115 mln soʻm mablagʻ isteʼmolchilarga qaytarilishi taʼminlandi.

Murojaatlarda asosan, aloqa sifatining qoniqarsizligi, hisob-kitoblarning notoʻgʻri yuritilishi va ortiqcha qarzdorlik hisoblanishi, abonent roziligisiz qoʻshimcha xizmatlarga hamda reklama maqsadidagi SMS xabarlar yuborilayotganligi, shu jumladan pullik kontent xizmatlarga ulab qoʻyilganligi, qoʻshimcha moliyaviy va savdo xizmatlari koʻrsatishda shartnoma shartlarini va tovar yetkazib berish muddatlarini buzilishi, xizmat narxlarining va tarif shartlarining oʻzgarganligi (oshishi) kabi muammolar bildirilgan.

Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilarning huquqlarini taʼminlash va qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida, telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlar, shu jumladan, mobil aloqa operatorlarini OGOHLANTIRGAN holda qonunchilikda belgilangan majburiyatlari va isteʼmolchilar huquqlarini eslatib oʻtadi.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart hisoblanib, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish chogʻida reklamani tarqatishga faqat, basharti abonent oldindan rozilik bersa, yoʻl qoʻyiladi.

Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish Qoidalariga muvofiq, mobil aloqa xizmatlarini taqdim etishda xizmatlarning pullik ekanligi toʻgʻrisida abonentlarni oldindan xabardor qilmasdan ayrim pullik xizmatlar uchun toʻlov undirilgan holda ushbu xatti-harakat koʻrsatilmagan xizmatlar uchun undirilgan toʻlovga tenglashtiriladi hamda operator (provayder) abonentni alohida haq evaziga koʻrsatiladigan qoʻshimcha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishga majburlashga haqli emas.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki bir guruh shaxslarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) isteʼmolchilarning, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi hamda taqiqlanadi.

Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilarning huquq va manfaatlari ustuvorligini taʼminlash maqsadida, telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlarni, shu jumladan mobil aloqa operatorlari va kontent xizmatlarni taqdim etuvchi subyektlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etgan holda faoliyat olib borish yuzasidan qatʼiy ogohlantiradi.