O'z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'ygan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Islohotlarning qay darajada natijadorligi esa statistik raqamlar orqali baholanadi.

Shu o'rinda, statistika sohasining bugungi kun talablariga mos bo'lishi katta ahamiyatga ega. Bu jarayonda yaqinda qabul qilingan “Rasmiy statistika to'g'risida”gi qonun alohida o'rin tutadi.

Qonunning dolzarbligi va zarurati

Bugungi jamiyatni statistikasiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Biz kundalik hayotimizda turli xil raqamlar, ko'rsatkichlar, o'lchovlar va boshqa statistik axborotlarga duch kelamiz. Statistik ma'lumotlar orqali mamlakatimizda yuz berayotgan jarayon va o'zgarishlar natijalaridan xabardor bo'lamiz.

Misol uchun, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari, yangi ishga tushirilayotgan korxonalar, fuqarolarimizga to'lanayotgan ish haqi, pensiya va nafaqalar, yangi tuzilayotgan oilalar, tug'ilishlar hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy va demografik hodisa va jarayonlar bozor va do'konlardagi narxlar, statistik ma'lumotlarda o'z aksini topadi.

Statistik ma'lumotlar bir tomondan fuqarolarga jamiyat hayotidagi o'zgarishlarga baho berish va o'z fikrini bildirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan davlat idoralariga aholi turmush darajasini oshirish uchun o'z vaqtida to'g'ri qarorlar qabul qilish va ularni amalga oshirish uchun muhim zamin yaratadi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi doirasida so'nggi yillarda milliy statistika sohasini rivojlantirish borasida ham tizimli islohotlar o'tkazilmoqda.

Xususan, so'nggi to'rt yil davomida statistika sohasiga oid O'zbekiston Respublikasi Prezidentining beshta va ularning ijrosi bo'yicha Vazirlar Mahkamasining qator me'yoriy hujjatlari qabul qilindi. Bu esa, o'z navbatida, sohaga xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribalarni keng joriy etish hamda statistik ma'lumotlar qamrovini kengaytirish, sifati va ishonchliligini oshirish hamda ochiqligini ta'minlash uchun muhim poydevor bo'ldi.

Natijada, 2017—2020 yillar davomida 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlarning axborot bazalari va xalqaro reytinglarda O'zbekiston to'g'risidagi ma'lumotlarning aks etilishiga erishildi, 10 dan ortiq xorijiy davlat statistika idoralari bilan hamkorlik aloqalari o'rnatildi.

Statistika idoralari tomonidan e'lon qilinadigan ma'lumotlar ko'lami kengaytirildi, ma'lumotlar taqdim etish usullari soddalashtirildi. Bundan tashqari, gender statistikasi bo'yicha maxsus saytning ma'lumot ko'lami kengaytirilib, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari hamda aholini ro'yxatga olish masalalari bo'yicha alohida saytlar ishga tushirildi.

Shuningdek, e'lon qilinayotgan ma'lumotlar sifatini oshirish va ko'lamini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, bugungi kunda Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilinayotgan ma'lumot to'plamlari soni 13 mingdan oshdi.

Xalqaro reyting natijalari va jahon tajribasi

Erishilgan natijalar keng jamoatchilik, shu jumladan, xalqaro statistika hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar tomonidan e'tirof etilib, natijalar qator xalqaro reyting va indekslarda o'z ifodasini topmoqda.

Xususan, mamlakatlar statistika idoralarining faoliyatini xalqaro darajada baholash bo'yicha muhim retingda, ya'ni Jahon bankinin  “Statistika salohiyati indeksi”da ham mamlakatimiz natijalari o'sib bormoqda.

So'nggi 4 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2020-yil yakuni bo'yicha mamlakatimiz Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da maksimal 100 balldan 67,8 ballni qo'lga kiritib, reytingda 61 o'rinni egalladi. Agar qiyoslaydigan bo'lsak,  2016-yil hisobotiga qaraganda, 62, 2019-yilga nisbatan esa 16 pog'onaga ko'tarilishga erishildi.

Bundan tashqari, Londondagi Ochiq ma'lumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi bo'yicha “Kumush” (SILVER) darajaga, Davlat statistika qo'mitasining rasmiy veb-sayti (stat.uz) eng yuqori –"Platina" (PLATINUM) darajaga erishgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “elektron hukumat kuzatuvi 2020”da “Ochiq davlat ma'lumotlari indeksi” bo'yicha O'zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko'rsatkichiga ega bo'lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy olgan. Jami ushbu indeksda 193 ta mamlakat baholangan hamda O'zbekiston eng yuqori ball to'play olgan.

 Ochiq ma'lumotlar reytingi (Open Data Inventory - ODIN) ga e'tibor qaratadigan bo'lsak, O'zbekiston 63 ballni to'pladi va reytingda 125 ta pozitsiyaga ko'tarilib, dunyoda 44-o'rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o'rinni egalladi.

“Open data Inception” ma'lumotlariga ko'ra, jahon mamlakatlari orasida O'zbekiston 99 ta ochiq ma'lumotlar manbalari bilan dunyoda 5-o'rinni egalladi. Ularning soni bo'yicha mamlakatimiz  AQSH, Ispaniya, Frantsiya va Buyuk Britaniyadan keyingi pog'onani band etdi.  

Xalqaro ilg'or tajribalarni o'rganish natijalari 2002-yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to'g'risida”gi Qonunining bugungi kun talabiga va xalqaro tavsiyalarga to'liq mos kelmasligini hamda unda qator kamchiliklar mavjudligini ko'rsatdi.

Eng asosiysi, avvalgi qonun bilan faqatgina Davlat statistika qo'mitasi va uning hududiy organlarining faoliyati tartibga solingan bo'lib, mamlakatimizdagi statistik ma'lumotlar tayyorlash bilan shug'ullanuvchi 30 dan ziyod boshqa vazirlik va idoralarning statistika sohasidagi vakolatlari, vazifa va funktsiyalari belgilab berilmagan edi.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish hamda milliy statistika qonunchiligini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish maqsadida “Rasmiy statistika to'g'risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Qonunni tayyorlash jarayonida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun ishlab chiqilgan va 2016-yilda ma'qullangan Rasmiy statistika to'g'risidagi model qonuni talablari inobatga olindi. Shu bilan birga, boshqa davlatlarning statistika qonunchiligi bo'yicha tajribasi o'rganildi.

Mazkur hujjatni ishlab chiqishda respublikaning 10 dan ortiq vazirlik va idoralari mutaxassislari hamda Jahon bankining yuqori malakali xorijiy ekspertlari ishtirok etdi. Shuningdek, qonun keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazildi.

Qonun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil may oyida ikkinchi o'qishda qabul qilindi hamda Oliy Majlis Senati tomonidan 2021-yil 26-iyunida ma'qullandi. Natijada, Prezidentimiz qarori bilan 2021-yilning 11-avgustida “Rasmiy statistika to'g'risida” Qonun tasdiqlandi va kuchga kirdi. 

Qonun mohiyati va asosiy qoidalari

Eng avvalo, statistikani yuritish sohasidagi xalqaro tajribadan kelib chiqib, qonunda “Rasmiy statistika” tushunchasi kiritildi.

Amaldagi “davlat statistikasi” tushunchasi o'rniga “rasmiy statistika” tushunchasining qo'llanilishi orqali rasmiy statistikaning qamrov doirasi, uning sifatiga talablar hamda foydalanuvchilarga taqdim etilayotgan axborotlarning maqomi (huquqiy holati) belgilandi.

Sodda qilib aytganda, avval davlat statistikasi faqat statistika organlari tomonidan shakllantirilgan ma'lumotlarni nazarda tutgan bo'lsa, rasmiy statistika – mamlakatdagi barcha tayyorlovchilar tomonidan ushbu qonunga muvofiq shakllantiriladigan va tarqatiladigan statistik ma'lumotlarni bildiradi.

Ushbu qonun qoidalariga mos kelmaydigan statistika rasmiy statistika sifatida qabul qilinmacligi belgilab qo'yildi. Bu nimani bildiradi? YA'ni, xususiy shaxslar, korxona, tashkilot yoki muassasalar, shu jumladan, tadqiqot muassasalari tomonidan qonun qoidalariga mos kelmaydigan va o'zlarining normativ-huquqiy asoslariga muvofiq tayyorlangan hamda e'lon qilingan har qanday ma'lumotlar rasmiy statistika sifatida qabul qilinmaydi va ushbu qonun bilan tartibga solinmaydi.

Ikkinchidan, qonun bilan milliy statistika tizimi tushunchasi amaliyotga kiritildi.

Shu o'rinda, agar rasmiy statistika – qonun doirasida tayyorlanadigan, tarqatiladigan va muvofiqlashtiriladigan statistik ma'lumotlarni bildirsa, milliy statistika tizimi – ushbu ma'lumotlarni tayyorlovchi hamda tarqatuvchi vazirlik va idoralar jamlanmasini anglatadi.

Uchinchidan, Qonunda rasmiy statistika sub'ektlari tarkibi hamda ularning vakolatlari, vazifa va majburiyatlari o'z ifodasini topdi.

Xususan, statistik ma'lumotlarni yig'ish, qayta ishlash, tahlil qilish va e'lon qilish jarayonlarida rasmiy statistika sub'ektlari – rasmiy statistikani tayyorlovchilar, respondentlar, ma'muriy ma'lumotlarni yetkazib beruvchi idoralar hamda statistik ma'lumotlardan foydalanuvchilar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarni qamrab oladi.

To'rtinchidan, rasmiy statistika sohasida davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari hamda Vazirlar Mahkamasining rasmiy statistika sohasidagi vakolatlari belgilandi. Jumladan, milliy statistika tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari hamda infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash rasmiy statistika sohasida davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari sanaladi.

Vazirlar Mahkamasiga rasmiy statistikani rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilash, rasmiy statistika sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlarni tasdiqlash, milliy statistika tizimini tartibga solishning samarali tizimini yaratishga ko'maklashish bilan bog'liq vakolatlar berildi.

Beshinchidan, qonunda rasmiy statistika sohasini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ sifatida Davlat statistika qo'mitasi belgilandi.

Shuningdek, Davlat statistika qo'mitasi va boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika sohasidagi qonuniy faoliyatiga har qanday aralashuvlarga yo'l qo'yilmasligi, Davlat statistika qo'mitasining hududiy organlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqilligi va bevosita qo'mitaga bo'ysunishi mustahkamlab qo'yildi.

Oltinchidan, Davlat statistika qo'mitasining rasmiy statistika sohasidagi vakolatlari aniqlashtirildi.

Jumladan, Davlat statistika qo'mitasiga milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha rasmiy statistikani tayyorlovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning statistik metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan o'tkazish bilan bog'liq vakolatlar berildi.

Yettinchidan, statistik ma'lumotlarni yig'ish, qayta ishlash, shakllantirish va e'lon qilish borasida amalga oshiriladigan ishlarni belgilab beruvchi statistika dasturlari, shu jumladan uzoq yillik va yillik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va moliyalashtirish tartibi belgilab qo'yildi.

Sakkizinchidan, statistik ma'lumotlardan foydalanish qoidalari tartibga solinib, jumladan, ma'muriy, shaxsiy va maxfiy ma'lumotlardan foydalanish, ularni qayta ishlash va saqlashda axborot xavfsizligini hamda maxfiylikni ta'minlash qoidalari belgilandi. Qaysi ma'lumotlar ma'muriy, shaxsiy va maxfiy ma'lumotlar toifasiga kirishi aniq belgilab qo'yildi.

To'qqizinchidan, rasmiy statistik ma'lumotlarning sifati va ularni baholash, statistik ma'lumotlarni e'lon qilish hamda tarqatish siyosati va talablari tartibga solindi. Ular sifati doimiy asosda baholanishi yo'lga qo'yilib, bunda foydalanuvchilar bilan doimiy asosda maslahatlashuvlar o'tkazilishi, ularni statistik ma'lumotlarni tayyorlash manbalari, usullari va sifati to'g'risida xabardor qilib borilishi ham nazarda tutilgan..

O'ninchidan, rasmiy statistika sohasida barcha statistik ma'lumotlarni tayyorlovchilar tomonidan xorijiy davlatlarning statistika idoralari va xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlikni amalga oshirilishiga oid normalar mustahkamlandi.

Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda rasmiy statistika sohasida qo'llaniladigan asosiy tushunchalar (rasmiy statistika, rasmiy statistikani tayyorlovchi, respondent, foydalanuvchi, statistik ma'lumotlar, ma'muriy ma'lumotlar, individual ma'lumotlar, statistik kuzatuv, metama'lumotlar) kiritilgan va ularga izohlar berilgan.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi

qanday samara beradi?

Ma'lumki, qonunchilikni yangilashdan maqsad – faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonun ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday engillashtirishi haqida o'ylash va mavjud muammolarning qonuniy echimini hal etishdan iborat.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida:

milliy statistika tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda isloh qilinadi;

mamlakatdagi rasmiy statistik ma'lumotlarni tayyorlovchi barcha organlarning statistika sohasidagi faoliyati tartibga solinadi;

Davlat statistika qo'mitasi hamda rasmiy statistikani tayyorlovchi boshqa idoralarning statistika sohasidagi professional mustaqilligi ta'minlanadi;

foydalanuvchilarning ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik ma'lumotlarga bo'lgan ehtiyojlari qondiriladi;

rasmiy statistikaning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash borasidagi islohotlarning natijadorligi ta'minlanadi.

O'z navbatida, ushbu erishiladigan barcha natijalar keng jamoatchilikni, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va xorijiy investorlarni O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holati to'g'risidagi dolzarb, ishonchli va sifatli statistik ma'lumotlar bilan ta'minlash hamda mamlakatimizning turli xalqaro reytinglardagi o'rnini yanada mustahkamlashga muhim zamin yaratadi.

Zero, muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, “Amaliy natija bilan mustahkamlangan, o'z mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Va bunday islohotni, bunday shiddatli jarayonni hech kim, hech qanday kuch to'xtata olmaydi.”

Xulosa o'rnida aytganda, yangi qabul qilingan “Rasmiy statistika to'g'risida”gi qonun mamlakatimizda statistika sohasi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish bo'yicha ishlarning samarali amalga oshirilishi hamda barcha rasmiy statistika tayyorlovchilar va foydalanuvchilar uchun yagona yondashuvlarning qo'llanilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratib bermoqda.

Bahodir BEGALOV,

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor