Qarorga koʻra, 2022–2025-yillarda:
- respublikadagi ichimlik suv taʻminoti ogʻir holatdagi 1 545 mahalla (shundan 2022-yilda 140 ta) ichimlik suv bilan taʻminlanadi. Buning uchun mahalliy byudjetlardan jami 444,6 mlrd soʻm, shu jumladan joriy yilda 106,3 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi;
- 1 691 ta maktab, 885 ta maktabgacha taʻlim tashkilotlari hamda 377 ta tibbiyot muassasalari ichimlik suv bilan taʻminlanadi. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilda jami 50 mlrd soʻm, 2023-yildan har yili respublika va mahalliy byudjetlardan teng ulushlarda 50 mlrd soʻmdan, jami 100 mlrd soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan;
- 2022–2024-yillarda respublika boʻyicha 2660 ta mahallada ichimlik suv tarmoqlari uy xoʻjaligigacha etkaziladi. Buning uchun “Oʻzsuvtaʻminot” AJ tomonidan 180 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.
Shuningdek, qarorga koʻra avvalgi yillarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan yoki foydalanishga topshirilmagan ichimlik va oqova suv obʻektlari (17 ta) toʻliq foydalanishga topshiriladi.
2023-yil 1-yanvardan:
- aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “Oʻzsuvtaʻminot” AJ va hududiy suv taʻminoti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
- respublika hududiga texnik talablarga javob bermaydigan suv hisoblagichlarni va ularning qoʻshimcha vositalarini olib kirish hamda oʻrnatish taqiqlanadi;
- ichimlik suv taʻminoti obyektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan taqdirda (oʻlchov uskunalari oʻrnatilib, ichimlik suv uy xoʻjaligigacha yetkazilgan taqdirda) aholining ixtiyoriga koʻra davlat xizmatlari markazlari orqali yoki “Oʻzsuvtaʻminot” AJ bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga va oʻlchov uskunalarini tamgʻalashga ruxsat beriladi.
2023-yil 1-yanvardan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi isteʻmolchilar tomonidan hududiy suv taʻminoti korxonalariga masofadan maʻlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatilishi talab etiladi.
2024-yil 1-yanvardan masofadan maʻlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni oʻrnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi isteʻmolchilarga ichimlik suv taʻminoti va oqova suv xizmatlari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan taʻminlanmagan isteʻmolchilar sifatida hisob-kitob amalga oshiriladi.
Qarorga koʻra, “Oʻzsuvtaʻminot” AJ qoshida Sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish hamda oʻrnatish boʻyicha metrologiya xizmatini va uning hududiy filiallari tashkil etiladi.