Respublika boʻylab “Kelajak liderlari” klubiga aʼzolik uchun saralash boshlandi, Klub davlat xizmatiga zaxira kadrlarni shakllantiradi

    Keyingi avlod 27 Iyul 2021 4164

    Iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik koʻnikmalarini shakllantirish, yosh kadrlarni seleksiya qilish maqsadida Samarqandda tajriba tariqasida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan “Kelajak liderlari” klubi endilikda respublikamizning barcha hududlarida ochiladi. Bu haqda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Klub Agentlik, hokimliklar, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

    — Biz joriy yilning 5-iyulidan Klubga aʼzolik boʻyicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon berdik, — deydi Agentlikning Markaziy apparati vakili Javhar Doʻstov. — Qisqa vaqt davomida 20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan davlat fuqarolik xizmatchilari va talabalardan iborat, jami 6246 nomzod onlayn tartibda roʻyxatdan oʻtdi. Tanlovning ilk, saralash bosqichida nomzodlarning malaka talablari oʻrganildi. Natijada 2796 nafar nomzod Tanlovning ikkinchi bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Taʼikidlash joizki, Klubga aʼzolik 4 bosqichda, (saralash, test, esse yozish, suhbat) ochiq tanlov orqali amalga oshirilmoqda.

    Bugun barcha hududlarda tanlovning ikkinchi bosqichi — test jarayonlari boshlandi. Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida jarayonlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.

    Har bir hudud uchun 50 nafargacha nomzod Klub aʼzoligiga qabul qilinadi. Ularning keyinchalik maxsus Dastur asosida malakasi oshiriladi. Mahalliy hokimlar, turli darajadagi rahbarlarga dublyor boʻladi, vazirlik va idoralarda stajirovka oʻtaydi.

    Oʻzbekistonda Yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishning zamonaviy moduli sifatida ushbu Dastur davlat xizmati uchun kelajak liderlarini shakllantirib berishi rejalashtirilgan.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida Davlatimi rahbari iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari — “Kelajak liderlari”ni shakllantirish boʻyicha taklif bergan edi.