Tayyor mahsulotlarda gossipol moddasi miqdorini havfsiz darajaga tushirish uchun paxta texnik chigiti to'liq texnologik tsiklda qayta ishlanishi zarur. To'liq texnologik tsikl mag'izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraktsiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash jarayonlaridan iborat bo'lib, ayniqsa havfsiz paxta moyi va kunjara ishlab chiqish uchun rafinatsiya, dezodaratsiya va ekstratsiya tsexlarining ahamiyati kattadir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF-6094-sonli farmoni ilovasining 7-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 5 noyabrdagi 03/1-2355-sonli topshirig'i bilan korxonalarning paxta texnik chigitini to'liq texnologik tsiklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigienik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi ustidan nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu nazorat tadbirlari “O'zagroinspektsiya” tomonidan tuzilgan hududiy ishchi komissiyalariga “O'zstandart” agentligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislarini jalb etgan holda amalga oshirilmoqda.
Hududiy ishchi komissiyalar tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi yog'-moy korxonalarida o'rnatilgan tartibda nazorat tadbirlari o'tkazilmoqda. Bugungi kunda respublika bo'yicha mavjud 500 tadan ortiq yog'-moy korxonalarining 263 tasida tekshiruv o'tkazilishi belgilangan bo'lib, 238 ta korxonalarda tekshirish yakunlandi.
Tekshiruv natijasiga ko'ra, PF-6094-sonli Farmonda belgilangan talab 32 ta yog'-moy korxonasida ta'minlangan va 206 tasida ta'minlanmagani ma'lum bo'ldi.
Paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun to'liq texnologik tsikli yoki tayyor mahsulotlar uchun gigenik va muvofiqlik sertifikatlari mavjud bo'lmagan yog'-moy korxonalari bo'yicha 199 ta taqdimnomalar O'zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasiga kiritildi va ularning paxta texnik chigitini xarid qilish bo'yicha birja savdolarida ishtirok etishini oldi olindi.
Belgilangan talablar bajarilmagan korxonalarga jami 156 marotaba (ogohlantirish, ko'rsatma va taqdimnomalar kiritish orqali) ta'sir choralari qo'llanilgan. 14 ta yog'-moy korxonasi bo'yicha huquqni muhofaza qilish organlariga materiallar kiritilishi ta'minlangan.
Inspektsiya tomonidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda
"O'zagroinspektsiya" Axborot xizmati