Vaksina – biologik kelib chiqishga ega tibbiy preparat boʻlib, inson organizmida maʼlum virus yoki bakteriyaga qarshi immunitet hosil qilishi bilan qiymatlidir. JSST maʼlumotlariga koʻra, samarali emlash jarayonlari har yili millionlab kishilarni muqarrar xavfli kasalliklardan saqlab qoladi. ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan hamda oʻzbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlari olib borilgan koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinadir.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti olimlari Xitoyning ZF2001 vaksinasi ustidagi tadqiqotlarni keng koʻlamda oʻtkazilishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Amalga oshirilgan ishlar natijasida xitoylik hamkorlarimiz Oʻzbekistonni mazkur vaksina hammuallifi deb eʼlon qildi va vaksinaga ZF-UZ-VAC2001 deb nom berildi. Bu bilan ushbu yirik tadqiqotda mamlakatimiz ilm-fan namoyandalari va tibbiyot xodimlarining oʻrni alohida eʼtirof etildi. Bu – yangilanayotgan Oʻzbekiston ilm-fani uchun katta eʼtirof ekanligidan tashqari, davlatimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlash yoʻlidagi qadamlardan biridir. Xitoy-Oʻzbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini yaratishda koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olingan boʻlib, organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil boʻladi. Bunday vaksinalar boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega hisoblanadi.

Bugunga kunga qadar ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III-faza sinovlarida yetti mingga yaqin kishi emlangan boʻlsa, ularning har biridagi oʻzgarishlar toʻla nazorat qilib borilmoqda. Olib borilayotgan mazkur tadqiqotlar davomida emlangan koʻngillilar organizmida vaksinaning jiddiy nojoʻya taʼsirlari qayd etilmadi. Mazkur vaksina Oʻzbekiston hududida III-faza sinov tadqiqotlari oʻtkazilgan yagona vaksinaligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadqiqochilar koronavirusning “britancha shtammi” va boshqa shtammlaridan ham mazkur vaksina yordamida himoyalanish mumkinligini qayd etmoqdalar. Negaki ZF-UZ-VAC2001 vaksina biotexnologiya usulida yaratilgan boʻlib, bunda virusning tojlari, yaʼni boʻlakchalari kesib olinadi va ular laboratoriya sharoitida koʻpaytiriladi. Aynan koronavirusda kuzatiladigan “shoxchalar”ga nisbatan antitanachalar hosil qilgani bois “britancha shtamm” va boshqa koronavirusning boshqa turlarini ham organizmga taʼsirini susaytiradi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi