Ammo, u eʼtibordan chetda emas. Mahallada ehtiyojmandlar roʻyxatida turgani uchun gʻalladan boʻshagan maydondan unga bir gektar ajratildi. Qolaversa, fermerlar tomonidan koʻmak sifatida don berildi. Ayni vaqtda u oʻziga ajratilgan yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirib, daromad olish maqsadida.
Butun yurtimizda boʻlgani kabi Navoiy viloyatida ham qishloq xoʻjaligining ayni mavsumda rizq-roʻzimiz boʻlmish gʻalla hosilini nes-nobud qilmay yigʻib olish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi va moʻl hosil olindi. Endilikda gʻalladan boʻshagan maydonlardan samarali foydalanish, takroriy ekin ekib, xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu, oʻz navbatida, Odil Qoʻldoshev kabi fuqarolarga qoʻshimcha daromad olish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Navoiy viloyatida bu yil 950 ga yaqin fermer xoʻjaligida 38 ming gektardan ortiq maydonda boshoqli don yetishtirildi. Sugʻoriladigan gʻalla maydonlarining har gektaridan oʻrtacha 80 sentnerdan, jami 290 ming tonnadan ortiq hosil olindi. Uning 47 000 tonnasi davlat zahirasi uchun don qabul qilish maskanlariga topshirilsa, 39 000 tonnadan ziyodi fermerlar tomonidan birja savdolari orqali sotish uchun vaqtincha saqlash omborlariga keltirildi. Kelgusi yil hosili uchun esa 8800 tonna urugʻlik don jamgʻariladi.
Ryespublikamiz aholisini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va fermer xoʻjaliklari iqtisodini mustahkamlash, aholi bandligini taʼminlash maqsadida gʻalladan boʻshagan takroriy ekin ekish koʻzda tutilgan. Ayni vaqtda viloyatda bu jarayon qizgʻin pallaga kirgan.
Jarayonni Navbahor tumani misolida tahlil etadigan boʻlsak, hududda joriy yil hosili uchun 189 ta fermer xoʻjaligi 8 400 gektardan ortiq maydonda don yetishtirdi. Gʻalladan boʻshagan ushbu yerlarning 7400 gektaridan ortigʻiga takroriy ekin ekilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 360 gektarga sabzavot, 150 gektarga poliz, 154 gektarga moyli ekinlar, 1480 gektarga dukkakli ekinlar, 1300 gektariga esa sholi, 2797 gektarga esa chorva uchun ozuqa ekinlari va 1135 gektarga tariq ekiladi. Shu maqsadda fermer xoʻjaliklari va klasterlar tomonidan ehtiyojmand oilalarga takroriy ekin yetishtirish uchun tegishli yer maydonlari ajratildi.
Albatta, xalqimiz azaldan yerni ardoqlaydigan, mehnatkash, asl sohibkorlar, bir soʻz bilan aytganda, mirishkor dehqondir. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha juda katta tajribaga ega.
Karmanaliklar ham azaldan yer bilan tillashish hadisini olgan. Xususan, Shibzon, Jaloir va Arabxona kabi mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi aholi har qarich ekin maydonidan samarali foydanib, ichki bozorni yil boʻyi zarur turdagi sabzavotlar bilan taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqda.
Xususan, gʻalladan boʻshagan yer maydonlariga ham hudud aholisi tomonidan sabzi, sholgʻom, lavlagi va boshqa turdagi sabzavotlar hamda dukkakli ekinlar ekiladi. Bu yil ham Shibzon mahallasida ijtimoiy daftarlarda turuvchi fuqarolarga 50 sotixdan bir gektargacha yer maydonlari takroriy ekin uchun ajratildi.
— Mahallamizda doimiy band boʻlmagan 272 nafar fuqaroga auksion orqali takroriy ekin uchun yer ajratib berildi. Asosan sabzi, qizil lavlagi va kartoshka ekilyapti. Buning uchun ularga har tomonlama sharoit yaratilib, koʻmak koʻrsatilmoqda. Fermerlarning mavjud texniklari tomonidan yerlarga agrotexnik xizmatlar koʻrsatildi va urugʻlar ham ekib berildi. Mutaxassislar tomonidan ekinlarni yetishtirish boʻyicha muntazam tavsiyalar berib borilmoqda.
Dildora Obloqulova ham oilaviy sharoiti tufayli “Ayollar daftari”da roʻyxatda turadi. U endilikda oʻziga ajratilgan 50 sotix yerda oilasi bilan sabzavot va dukkakli ekinlar yetishtirib, roʻzgʻori butligini taʼminlashni maqsad qilgan.
— Ikki nafar farzandim bor, ishsizman. Hovlimdagi 9 sotix tomorqamga ham pomidor va boshqa mahsulotlar ekkanman. Doim yerdan unumli foydalanishga harakat qilaman. Gʻalladan boʻshagan yerdan menga 50 sotix yer ajratib berilgani ayni muddao boʻldi, — deydi Dildora Obloqulova.
Aslida yilning qaysi bir davri boʻlmasin, xalqimiz yerga oʻzgacha mehr bilan qaragan. Shu bois, bobodehqon qalb quri bilan yetishtirgan neʼmatlar yil boʻyi dasturxonimiz, bozorlarimiz toʻkinligini taʼminlamoqda. Albatta, oilasi farovonligi va moddiy ehtiyojiga intilgan inson esa hech vaqt muhtoj qolmaydi.
Qiziltepa tumanida ham joriy yil hosili uchun 9200 gektar maydonga ekilib, moʻl xirmon koʻtarildi. Ushbu yerlar ishsiz fuqarolar uchun toʻliq takroriy ekin uchun ajratildi. Jumladan, Arabon hududida 1027 gektar maydonga takroriy ekinlar ekish rejalashtirilgan boʻlib, shundan 62 gektariga sabzavot, 63 gektariga moyli ekinlar, 236,4 gektariga sholi, 248 gektariga chorva uchun ozuqa va 418 gektariga tariq ekildi. Dukkakli ekinlarni, ayniqsa, mosh, loviya ekishda sochma usuldan foydalanildi. Chunki bu usul suv tanqis boʻlgan yerlarda yaxshi samara beradi va 1 gektar yerga ekilgan urugʻdan 20 sentnergacha hosil olish mumkin.
Shu oʻrinda tan olib aytish kerak, bu yil qishloq xoʻjaligiga ham bir muncha sinovli keldi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, tabiat injiqliklari fermer faoliyatiga sezilarli darajada oʻz hukmini oʻtkazdi. Mehnatning samarasini esa fermerlarimizning gʻalla hosili boʻyicha belgilangan rejani ortigʻi bilan bajarganidan ham koʻrish mumkin. Takroriy ekin yetishtirish ham bu kabi mashaqqatlardan holi emas. Ammo, har qanday rohat mehnat ortidan kelishini toʻgʻri anglagan dehqonlar bugun dalada javlon urayapti. Eng muhimi, ularda tajriba yanada ortib, bir qarich yerdan ham unumli foydalanishga intilmoqda. Qishloq xoʻjaligidagi bu kabi amaliy ishlar esa aholining ishsiz qatlami bandligini taʼminlash, farovonligini oshirish va yurtda toʻkinchilik boʻlishiga xizmat qiladi.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri