Shunday qilib, 1-sentyabrda Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Denis Manturov bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining toʻqimachilik sanoati mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallarini Rossiya bozoriga yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyatlari birgalikda tahlil etildi. Bundan tashqari, ikki mamlakat korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni batafsil koʻrib chiqildi.
Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Aleksey Overchuk bilan boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xalqaro transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va oʻzbek-rossiya hamkorligining kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi. Tomonlar, shuningdek, joriy yilda boʻlib oʻtadigan ikki tomonlama tadbirlarni oʻtkazishni muhokama etdilar.
2-sentyabrda Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Viktoriya Abramchenko bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro etkazib berishni koʻpaytirish masalalariga bagʻishlandi. Qayd etilishicha, joriy yil yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti 2021-yil shu davriga nisbatan 52 foizga oʻsib, 222,5 million dollarni tashkil etdi. Ushbu yoʻnalishda oʻzaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, 1-2-sentyabr kunlari Energetika vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Rossiya temir yoʻllari” OAJ rahbariyati, shuningdek Rossiyaning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda qishloq xoʻjaligi, Oʻrta Osiyoda transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, boshqa oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.