Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida savdo, sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida amaldagi kelishuvlarning ijro etilishining bugungi holati atroflicha ko‘rib chiqilib, amalga oshirish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.
Xususan, joriy yil 10 oyida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sib, 9,7 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilardan yetkazib berilayotgan mahsulotlar ro‘yxati 68 ta yangi pozitsiyaga ko‘paydi.
Tomonlar asosiy maqsadi ikki mamlakatning o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi 2024-2030-yillarga mo‘ljallangan tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini amalga oshirilishini atroflicha ko‘rib chiqdilar. Shu o‘rinda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi, transport va agrosanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ko‘p qirrali o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil oxirigacha Moskva shahrida o‘tkazish muddatlarini kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.