Uchrashuvda HPBS bilan hamkorlikda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan issiqxona gazlari miqdori hamda uglerod izini (arbon footprint) hisoblash bo‘yicha metodika ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, xalqaro va milliy tadqiqotlarni chuqur tahlil qilish hamda xorijiy davlatlar tajribalarini har tomonlama o‘rganish asosida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan o‘quv–seminar, treninglar tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.
Markaz rahbari G‘ayratjon Muxamedov iqlim sohasidagi global kun tartibi yangi O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
«Parij kelishuvi doirasida 2010-yilga nisbatan 2030-yilga kelib yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat oldik. O‘zbekiston 2030-yilgacha iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni qo‘ygan. 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya ulushini 35 foizga yetkazish, ekologik toza transportni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda», — dedi G‘ayratjon Muxamedov.
Qolaversa, atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I – IV toifalarga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatini belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida Vazirlik tomonidan uglerod neytralligini ta’minlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanganligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Davlat ekologik ekspertizasi markazi va «HPBSolution» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi, deb xabar beradi Davlat ekologik ekspertizasi markazi matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, ushbu memorandum Markaz xodimlarining malakasini oshirish, atrof-muhitga ta'sir etuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan issiqxona gazlari chiqindilari va uglerod izlarini hisoblash metodikasini ishlab chiqish, xalqaro va milliy tadqiqotlarni chuqur tahlil etish, hamda xorijiy davlatlar tajribalarini har tomonlama o‘rganish asosida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan o‘quv-seminar, treninglar tashkil etish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.