Rossiya Hukumati Oʻzbekistondan 10 ming quruvchini jalb etish boʻyicha pilot loyihani tasdiqladi

    Dolzarb 8 Oktabr 2021 1113

    Rossiya Hukumati Oʻzbekistondan 10 ming quruvchini jalb etish boʻyicha pilot loyihani tasdiqladi.

    Bunda, albatta quruvchilar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan yoki ularning qoʻllarida Rossiyaga kelishdan kamida 5 oy avval kasallanganlik haqidagi hujjati boʻlishi kerak.

    Bu toʻgʻrida tegishli hujjat Rossiya Federatsiyasining huquqiy axborot rasmiy internet-portalida chop etilgan, deb xabar beradi TASS.

    “Qurilish sohasida xoʻjalik yurituvchi Rossiya yuridik shaxslarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun Oʻzbekistondan quruvchini jalb etish boʻyicha pilot loyiha amalga oshirilsin”, — deyiladi qarorda.

    Mehnat, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Qurilish, Sogʻliqni saqlash, Fan va taʼlim va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Federal tibbiy-biologik agentligi, Federal bojxona xizmat, Moskva shahar hukumati, koʻp funksiyali migratsiya markazi va Rossiya IIV pasport-viza markazi pilot loyiha ishtirokchilaridir.

    Pilot loyiha doirasida Oʻzbekistondan 10 ming ishchini jalb etish rejalashtirilyapti. Ular Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishdan 72 soatdan oshmagan vaqtda koronavirus infeksiyasiga PSR-test topshirgan boʻlishi kerak. Undan tashqari Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishdan 14 kundan oshmagan vaqtda koronavirus infeksiyasiga qarshi “Sputnik layt” yoki yana boshqa turdagi vaksina bilan emlangani toʻgʻrisida, yoki Rossiyaga kelishdan kamida 5 oy avval kasallanganlik haqidagi hujjat taqdim etishi kerak boʻladi.

    Rossiya Federatsiyasi qurilish vaziri oʻrinbosari Nikita Stasishin taʼkidlaganidek, qarorning qabul qilinishi Oʻzbekistondan sanitar-epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash muhimligini inobatga olgan holda mehnat migrantlarini jalb etish boʻyicha amaliy qadamlarga oʻtish imkonini beradi. Mehnat resurslari nafaqat uy-joy qurilishiga, shuningdek yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ham jalb etiladi. Tibbiy koʻrik, PSR-testdan oʻtish va emlanish migrantlarning Rossiyaga kelishidan avval Oʻzbekiston hududida amalga oshiriladi, — deb koʻrsatdi Stasishin.

    “Loyihada ishtirok etuvchi qurilish kompaniyalari, yaʼni salohiyatli ish beruvchilar aniq mutaxassislik va faoliyat yoʻnalishi boʻyicha ishchi kuchiga boʻlgan talabni taqdim etdi. Tegishli mutaxassislikdagi mehnat resurslari aynan ularning talablariga muvofiq jalb etiladi. Undan tashqari, xorijlik fuqarolarga beriladigan patentda aniq ish beruvchi kompaniya koʻrsatiladi. Bu esa mehnat shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslikning oldini olish imkonini beradi”, — deb qoʻshimcha qildi Rossiya Federatsiyasi qurilish vaziri oʻrinbosari.