Fuqaro Z.Xning ijtimoiy tarmoqlar orqali uysiz va pulsiz, voyaga yetmagan farzandlari bilan qiyin ahvolda qolganligi, shunga koʻra Vatanga qaytishga yordam soʻragan murojaati tarqaldi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ushbu fuqarolar bilan aloqa oʻrnatilib, vaqtincha yashash joyi (xostel)ga joylashtirildi. Fuqaroning 2 nafar farzandiga Oʻzbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirib berildi.
18-iyun kuni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Yekaterinburg-Samarqand yoʻnalishidagi aviareys orqali Oʻzbekistonga qaytarildi.