Rossiya Federatsiyasida havo harorati sovub borayotgan bir paytda ushbu davlatdagi ayrim vatandoshlarimiz orasida oʻz yaqinlari va doʻstlarini ishga yaroqsiz holga tushib qolgani yoki salomatligi yomonlashgani sababli qiyin vaziyatda qoldirib ketish holatlari uchrab turibdi. Ularga Oʻzbekiston hukumati, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz yordam koʻrsatmoqda, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Joriy yilning sentyabr oyi davomida Oʻzbekiston Respublikasining Novosibirk shahridagi bosh konsulxonasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasiga fuqarolar X.A., I.A., K.A., P.I. turli sabablarga koʻra, ishga yaroqsiz holatga tushib qolgani uchun Vatanga qaytarilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqarolarimizga Vatanga qaytish uchun aviachiptalar sotib olinib Oʻzbekistonga joʻnatildi.

Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining axborotida  atrofimizda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni qiyin ahvolga tashlab qoʻymaslik, ularga imkon qadar yordam berish oʻzbek milliy urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarining ajralmas qismi ekani alohida qayd etiladi.