Qayd etilishicha, qiz 6 yoshida onasi bilan birga Rossiya Federatsiyasiga doimiy yashash uchun koʻchib ketgan. Qiz va uning onasi yillar davomida turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Onasining hayoti yangi joyda oʻnglanmagani sababli na uy-joy, na doimiy ish topilgan. Eng achinarlisi – qiz shu vaqtgacha maktab taʼlimiga jalb qilinmagan.
Bu holat natijasida qiz uzoq vaqt davomida nazoratsiz qolgan va mahalliy politsiya reydi davomida reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.
Qizning qaytarilishidan oldin, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hududiy boshqarmasi uning xavfsizligi va farovonligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻrdi. Qizchani vaqtincha qabul qilib oladigan va uni taʼlimga yoʻnaltirish bilan shugʻullanadigan oila tayyorlandi. Bu oila qizaloq onasi bilan qayta koʻrishgungacha unga gʻamxoʻrlik qiladi — deyiladi xabarda.