Bu haqda Migratsiya agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi Moskva shahri va Moskva viloyatidagi 15 ga yaqin hostel hamda sutkalik mehmonxonalar bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.
«Agar murakkkab moliyyaviy ahvolda turar joysiz qolgan boʻlsangiz — Migratsiya agentligining Moskva shahri, 1-Kazachiy tor koʻchasi, 11/2 uyda (metro Polyanka) joylashgan (tel: +7925 045-47-44) vakolatxonasiga murojaat qiling. Vaziyatni oʻrgangan holda Sizga, 30 kungacha bepul yotoq joyda yashash imkoniyati yaratiladi», deyiladi xabarda.
Shuningdek, ayni paytda Shimoli-gʻarbiy, Ural, Sibir, Uzoq Sharq va Janubiy okruglarda ham shu kabi xostel va mehmonxonalar bilan shartnoma ishlari olib borilayotgani maʼlum qilindi. Tez orada Rossiyaning barcha asosiy hududlarida bunday yordam koʻrsatiladi.
Xorijda ishlayotganlar uchun taqdim etilayotgan barcha yordam paketlari bilan toʻliq tanishish uchun: https://xorijdaish.uz/?helpType=true








