Xususan, samarqandlik R.I. Boshqirdistondagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlayotgani, ish beruvchisi hujjatlarini olib qoʻygani va sogʻligi yomonlashayotganini maʼlum qilib, yordam soʻragan.

2021-yilning avgust oyida Ufa shahriga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan surxonadaryolik B.A. salomatligi yomonlashib, mazkur shahardagi shifoxonada jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazgan. Moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolib, yordam soʻrab murojaat qilgan.

Shuningdek, Namangan viloyatidan T.G. 2021-yil may oyida oilasi bilan birgalikda ishlash uchun Novosibirskka boradi. Ish jarayonida kasal boʻlib shahar shifoxonasiga olib ketiladi. Shifokorlar umurtqa pogʻonasining boʻyin qismida dorsopatiya tashxisini qoʻyadi. T.G. homilador holatda voyaga yetmagan farzandi bilan yashash va turar-joy uchun mablagʻsiz qolib ketadi va Agentlik vakolatxonasidan yordam soʻraydi.

Qashqadaryo viloyatidan P.J. Samara shahriga kelib ishlagani, ammo ish beruvchi maoshini bermagani aniqlandi. Shuningdek, andijonlik T.I. va U.R. 2021-yilda Moskva viloyatiga ishlash uchun boradi. Ammo ish beruvchi tomonidan vaʼda qilingan ish sharoitlari yaratilmaydi, patent rasmiylashtirish uchun pasportlari olib qoʻyilib, rasmiylashtirib berilmaydi hamda oylik moshlari toʻliq berilmaydi. Ushbu yurtdoshlarimiz ham Oʻzbekistonga qaytishda amaliy yordam soʻragan.

Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida borib, qiyin ahvolda qolgan fuqarolarimizga Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tomonidan yordam koʻrsatilib, Vatanimizga olib kelindi.