Rossiyada yoʻlovchi tashish sohasida ishga joylashish uchun cheklovlar joriy etilmoqda. Unga koʻra, yangi tartib nafaqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlaridan kelgan migrantlarga balki, Rossiya fuqarolariga ham tegishli.

Endi qator jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar jamoat transporti va taksilarni boshqarishga ruxsat etilmaydi. Ushbu oʻzgartirishlar hozirda ish olib borayotgan haydovchilar va boshqa xodimlarga ham taʼsir qiladi.

Shunday qilib, Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi oʻzgartishlarga koʻra, quyidagilarni sodir etgan fuqarolarga jamoat transporti va taksilarni boshqarishga ruxsat etilmaydi:

    • qotillik;
    • qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish;
    • talonchilik yoki bosqinchilik;
    • jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar;
    • jamoat xavfsizligi, konstitutsiyaviy tuzum asoslari va davlat xavfsizligi, tinchlik va xavfsizlik asoslariga qarshi oʻrtacha ogʻirlikdagi yoki undan ogʻirroq jinoyatlar.

Endilikda ishga qabul vaqtida nomzod sudlanmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma ham taqdim etishi kerak. Hattoki ayni vaqtda jinoyat ishida gumonlanuvchi boʻlganlar ham rad javobini oladi.

Ushbu talabga rioya qilmaslik ishdan boʻshatishga olib keladi.

Sudlanganlik holati olib tashlangan yoki oʻchirilgan taqdirda ishga joylashish uchun hech qanday toʻsiq boʻlmaydi. Oʻrtacha ogʻirlikdagi jinoyatlar sodir etilganda sudlanganlik 3 yilga, ogʻir jinoyatlar uchun esa 8 yilga avtomatik ravishda oʻchirilgan hisoblanadi.