Rossiyadagi migrantlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha Ombudsman murojaat yubordi

    Bir qator ommaviy axborot vositalarida “Rossiyada politsiya migrantlarni oʻrdaksimon yurishga majburladi” sarlavhasi ostida xabarlar eʼlon qilindi.

    “Russkaya Obщina Yekaterinburg” telegram kanalida huquq-tartibot idoralari xodimlari Rossiya migratsiya qonunchiligiga amal qilinishi boʻyicha reyd oʻtkazganini maʼlum qilgan.

    Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) 2023-yilda Rossiyaga tashrifi davomida oʻsha yerda yashaydigan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularning yashash sharoitlari va muammolarini oʻrgangan edi.

    Hamyurtlarimiz fikrlari asosida Oʻzbekiston va Rossiya Ombudsmanlari oʻrtasidagi hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, murojaatlarni birgalik koʻrib chiqish, jumladan Rossiya Federatsiyasi xududida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz huquqlarini taʼminlash boʻyicha ishlanadi.

    Bundan avval ham Ombudsman F.Eshmatova murojaatiga asosan Krasnodarda migrantlarga nisbatan oʻtkazilgan reydlar boʻyicha oʻrganishlar olib borilib, maʼlumot taqdim etilgan. Rossiya Ombudsmani migrantlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha monitoringlar oʻtkazayotganini va holat nazoratga olinganini maʼlum qilgan edi.

    Ombudsman yuqoridagi “Russkaya Obщina Yekaterinburg” telegram kanalida eʼlon qilingan holat boʻyicha ham Rossiya Federatsiyasi Ombudsmaniga murojaat qilib, Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat huquqlari taʼminlanishida koʻmak soʻradi.