Rossiya Federatsiyasining turli hududlarida yashovchi hamyurtlarimiz bilan birga Mustaqillik bayramini qutlash uchun borgan Fargʻona viloyati delegatsiyasi Sverdlovsk oblastidan soʻng Tyumen oblastiga, Tobolsk shahriga yetib bordi.

Shahardagi “Vodnik” madaniyat uyi Tyumen va unga qoʻshni viloyatlarda yashovchi fargʻonalik talabalar, mehnat migrantlari hamda u yerda yashovchi oʻzbek diasporasi vakillari bilan toʻldi.

Yurt sogʻinchi bilan orziqqan qalblar vatandoshlar diydorini koʻrib sevindi. Xursandchilik hislari bilan toʻlgan bayram tadbirida soʻz olganlar Oʻzbekistonda ijobiy oʻzgarishlar katta boʻlayotganligini, xorijda ishlash ham vaqtincha ekanini, davlatimizning eʼtibori tufayli Rossiyada oʻzlariga munosabat oʻzgarganini, mehnat qilishlariga qulay shart-sharoitlar yaratilayotganligini alohida taʼkidladilar. Mustaqillik bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri orqali Vatan taftini, qadrini olis yerlarda yana bir bor his qilganlarini mamnuniyat bilan tilga oldilar.

Tadbirda kuy-qoʻshiqlar avjiga chiqdi. Yigʻilganlar shoʻx taronalarga miriqib oʻynadilar. Bunday uchrashuvlar hayotlarida shijoat va gʻayrat berishini, ona Vatanga sadoqat, yurt taqdiriga daxldorlik hislarini oshirishini barcha birdek aytib oʻtdi.

Konsert dasturidan soʻng mehmonu mezbonlarga milliy taom — palov tarqatildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.