Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimizni Rossiya hududiga kirishi uchun ruxsat olib berish boʻyicha taklif etilayotgan xizmatlar hamda Oʻzbekistondan Rossiyaga borib, mamlakatga kiritilmayotgan fuqarolar haqida tarqalayotgan xabarlar munosabati bilan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy yilning mart-aprel oylaridan boshlab xalqaro qatnovlar, shu jumladan, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar vaqtincha cheklangan. Chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishi boʻyicha Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2020-yil 16-martdagi N 635-r-sonli “Rossiya Federatsiyasiga chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kirishini vaqtincha cheklash va vizalar va taklifnomalarni berishni vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida”gi farmoyishi bilan qator cheklovlar joriy etilgan.
Ayni paytda ayrim toifadagi fuqarolardan tashqari yurtdoshlarimizning individual tarzda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shugʻullanish maqsadida Rossiya hududiga kirishiga ruxsat yoʻq. Faqatgina Rossiya Hukumatining koronavirusga qarshi shtabi tomonidan chegara xizmatlariga taqdim etilayotgan roʻyxat asosida tashkiliy tarzda ishga yuborilayotgan shaxslar ushbu mamlakatga kiritilmoqda.
Pandemiya davrida xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijga ishga jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan joriy yilda 264 ta xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari bilan muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar natijasida Rossiyaning 30 ta, Qozogʻistonning 52 ta, BAAning 3 ta, Turkiyaning 1 ta va Tojikistonning 2 ta ish beruvchi va rekruting tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanib, 64 758 ta boʻsh ish oʻrinlari aniqlangan. Oʻrnatilgan karantin cheklovlari va tartiblariga rioya etgan holda xorijiy davlatlarga oʻrnatilgan tartibda 9 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tartibda ishga joʻnatilgan.
Ayni paytda Rossiya hududida ishlash istagidagi Oʻzbekiston fuqarolarini pandemiya va undan keyingi davrda tashkillashtirilgan holda kirish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Afsuski, ushbu vaziyatdan foydalanib, ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni turli asossiz xabarlar bilan chalgʻitish va firibgarlik orqali pul topishga urinish holatlari yuz bermoqda.
Shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan Rossiya Federatsiyasi hududiga olib kirib qoʻyish xizmatlarini taklif etayotgan shaxslarga ishonmasliklarini va turli yoʻllar bilan ushbu mamlakatga noqonuniy kirib borishga urinmasliklarini tavsiya qilamiz.
Turli soxta hujjatlar chegaralarni kesib oʻtishga urinish Oʻzbekiston va Rossiya qonunlariga koʻra, jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻlishi mumkin.
Rossiyada ishlash istagida boʻlgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlari va ish beruvchilarning tanlovlaridan oʻtgan taqdirda tashkillashtirilgan holda ushbu mamlakatga ishga ketishlari mumkin.