Tashrif O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan uyushtirildi, deb yozdi Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati.
Delegatsiya avval, Samarqand shahridagi Hunarmandchilik markazida bo'lib, u erda xalq hunarmandchiligini saqlash va xunarmandchilikni qo'llab-quvvatlash maqsadida O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar bilan tanishdi.
SHuningdek, joriy yilning 6-oktyabrida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov uchrashuvi tashkil etildi. Unda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni, shuningdek, mehnat migratsiyasi, turizm va madaniyat sohasidagi o'zaro aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlikning bir qator yo'nalishlari, xususan, O'zbekistonlik muhojirlarni kelgusida Sankt-Peterburgda joylashgan korxonalarda o'z ish faoliyatini olib borishlari uchun imkon yaratish maqsadida ularni kasb-hunarga o'qitish, shuningdek, rossiyalik mutaxassislarni jalb kilgan holda, O'zbekistonning Samarqand viloyatidagi monomarkazni yanada rivojlantirish kabi masalalari belgilab olindi.
Samarqand viloyati Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasida Samarqand va Sankt -Peterburg ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Unda turizm, qurilish sohasida, shuningdek qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Rossiya bozoriga eksport qilish kabi qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif davomida Rossiya delegatsiyasi uchun ipak gilam ishlab chiqaruvchi korxonaga tashrif tashkil etildi. Kelgusida gilamlar va korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, delegatsiyasi a'zolari uchun Samarqandning diqqatga sazovor joylariga tashriflar uyushtirildi.
8-oktyabr kuni esa "International Hotel Tashkent" mehmonxonasida Sankt-Peterburg va O'zbekiston Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forumning yalpi majlisi bo'lib o'tdi. Uchrashuvdan ko'zlangan asosiy maqsad, ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirishdagi aloqalarni mustahkamlash bo'ldi.
Uchrashuvda O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog'ida tomonlar kelgusida o'zaro amaliy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olishdi. O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo'yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.