Investitsiya – bu iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoklarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, loyihalariga uzok, muddatli kapital kiritish deganidir. Bu esa mamlakat iqtisodiyotida juda muhim.

Kuni kecha Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev tashabbusi bilan Rossiyaning bir qator koʻzga koʻringan tadbirkorlari hamda mahalliy ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati Romitan tumanining qadimiy arxeologik yodgorligi, ilk oʻrta asrlar tarixining nodir durdonasi hisoblangan “Boʻrontepa” qoʻrgʻoni hududida barpo etilgan “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion turizm klasterida tashkil etildi.

Davra suhbatida viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi, tuman va shahar hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, viloyatimizda oʻz tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan xorijlik mutaxassislar ham ishtirok etdi.

Dastlab mehmonlarga viloyatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart sharoitlar, qulay ishbilarmonlik muhiti, keng imkoniyat va imtiyozlar borasida tushuncha berildi. Tuman rahbari U.Barnoyev viloyatimiz tadbirkorlari va rossiyalik ishbilarmonlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish, kelgusida yangi loyihalarni amalga oshirish har tomonlama manfaatli boʻlishini taʼkidladi hamda oʻzining taklif va mulohazalarini bildirdi.

Tadbirda IT, logistika, farmatsevtika, toʻqimachilik sanoati, mevani qayta ishlash va qurilish materiallari sanoati sohalari boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi. Delegatsiya aʼzolariga viloyatning investitsion salohiyati keng yoritib berildi.