Rossiya virusologlari pandemiya bilan kurashish uchun Qozogʻistonga kelmoqda

    Salomatlik 6 Iyul 2020 1528

    Epidemiologlar, virusologlar va boshqa ixtisoslashgan soha shifokorlaridan iborat 32 kishilik guruh keldi.

    6-iyul kuni maxsus reys bilan Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi va Rospotrebnadzor (sanitariya va epidemiologiya boʻyicha davlat nazorati, epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazish, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida nazoratni amalga oshiradigan Rossiya Federatsiyasining Federal xizmati)ning bir guruh shifokorlari Nur-Sultonga kelishdi, deya xabar beradi Tengrinews.kz Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligining Telegram kanaliga tayanib.

    Rossiyalik shifokorlar koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikda kurashish uchun Qozogʻiston Bosh vaziri Asqar Maminning Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan kelishuvlari doirasida tashrif buyurishdi.

    32 kishidan iborat guruhga epidemiologlar, virusologlar va boshqa ixtisoslashgan soha shifokorlari kiritilgan.

    Rossiyalik mutaxassislar qozoq shifokorlariga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda maslahat va amaliy yordam koʻrsatadilar.

    “Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya hukumatiga va xalqiga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda koʻrsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiradi”, - deyiladi vazirlik xabarida.