Ushbu tibbiyot muassasasida bir yilda 2 000— 2 200 ga yaqin jarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi. Buning 30 foizi yuqori texnologik operatsiyalardir. Filialda 98 nafar shifokor, 459 nafar hamshira faoliyat koʻrsatadi. Bu yerda 1 nafari tibbiyot fanlari doktori hamda 4 nafar tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajalariga ega shifokorlar xizmat vazifalarini oʻtab kelyapti.
Filial xizmat koʻrsatish sifati va texnologik salohiyatini yanada oshirish maqsadida zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlanyapti. Kuni kecha markazning tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi MINDRAY kompaniyasi hamda “Mediko-innovatsion texnologiyalar” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda qiymati 1 milliard 200 million soʻm boʻlgan yangi tibbiy texnika vositalari bilan jihozlanishi ham shular jumlasidandir.
Natijada tibbiyot muassasasida innovatsion tibbiy asbob-uskunalar yordamida ogʻir ahvoldagi yoki jarrohlik amaliyotidan chiqarilgan bemorlarning salomatligini taʼminlash va monitoring qilish ancha qulaylashdi. Inson sogʻligʻi va uning hayotini saqlab qolishda “oltin soat” oraligʻida birinchi yordam koʻrsatish imkoniyati kengaydi.
Endilikda markazda bosh miya jarohatidan tortib, qorin boʻshligʻi hamda koʻkrak qafasida oʻtkazilishi lozim boʻlgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish mumkin boʻladi.
Oʻrnatilgan texnikalar bemorlarni parvarish qilishning sifati va samaradorligini oshirishga, intensiv terapiya boʻyicha barcha maʼlumotlarni birlashtirish orqali asoratlar xavfini kamaytirishga, ogʻir sharoitlarda bemorlarning samarali monitoringini taʼminlash va barcha tibbiy maʼlumotlarga kerakli joyda va tezkor kirishni taʼminlashga qaratilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.