Bu ibratli jarayonni oʻz hayotimda boshimdan oʻtkazganman. Esimni tanigandan buyon, kitobga astoydil mehr qoʻyganimdan soʻng anglab yetdimki, kitob oʻqish eng sevimli va maroqli mashgʻulot ekan. Lekin tanlab oʻqishni bilmasdim. Buni menga hech kim aytmagan va oʻrgatmagan edi.

Oʻshanda 8-sinfda oʻqirdim. Bobom bergan pullardan iqtisod qilib, Karmanadagi kitob doʻkoniga kelgan yangi kitoblardan sotib olardim. Bir gal kitob doʻkoniga borsam shoir Abdulla Oripovning “Ruhim” (Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1971-y.) deb nomlangan sheʼrlar kitobi kelgan ekan.

Darhol sotib oldim. Kitobni sabrim chidamay avtobusda oʻqiy boshladim. Kitob dastlabki satrlari bilan meni sehrladi. Birinchi sheʼr “Odamlar” deb nomlangani hamon yodimda. Oʻsha kuni uxlamasdan kitobdagi sheʼrlarni qayta-qayta oʻqib chiqdim.

Bu kitobga qiziqishim va mutolaa faoliyatimda haqiqiy inqilob yasadi. Oʻsha kungacha oʻqigan kitoblarim bir tomon, “Ruhim” kitobi bir tomon edi. Kitobdagi sheʼrlar men oʻqigan boshqa sheʼrlarga mutlaqo oʻxshamasdi.

“Ruhim” – ruhimda beqiyos boʻronlar yasadi, yosh aqlimni shoshirdi.

“Ruhim” – adabiyotning sirli, sehrli eshiklarini ochdi.

“Ruhim” – sheʼriyatning jozibador va betakror tafakkur olamini anglashga oʻrgatdi.

“Ruhim” tufayli adabiyotning va shoirning ashaddiy muxlisiga aylandim. Kitob yuragimga choʻgʻ soldi...

Bu soʻnmas sheʼr choʻgʻi hamon qalbimda alangalanib keladi...

“Ruhim” haqiqiy maʼnaviy hamrohim, chinakam sirdoshim, chin doʻstimga aylandi. Shu bois bu kitobni doim yonimda olib yurardim.

Kitobdagi sheʼrlarni yod olib, turli tadbirlar, yigʻinlar va doʻstlar davrasida aytib berardim. Garchi kitob qoʻlma-qoʻl oʻqilgan, undagi sheʼrlarni koʻpchilik sinfdoshlarim daftarlariga koʻchirib olgan boʻlsa-da, shoirning nomi tillardan tushmas edi. Goʻyo Abdulla Oripov bizga maktabda dars berayotgan, yo bir qishloqda yashayotgandek edi.

Goʻyo Abdulla Oripov sheʼrlari top-toza havo edi. Men shu havodan simirib-simirib nafas olardim. Bu sheʼrlar ichib-ichib toʻymaydigan tip-tiniq buloq suvlariday sof edi. Men undan qanchalar toʻyib-toʻyib ichmay chanqogʻimni qondirolmasdim. Lekin men yosh aqlim bilan bu bebaho xazinani, betakror hikmatlar magʻzini teran anglab yetmasdim. Kitobni esa, qayta-qayta oʻqishdan, sheʼrlar qatida yashirin hikmatlarni tushunib yetishdan erinmasdim.

Xuddiki, kuviga solingan oppoq sutni har safar pishkak bilan urib koʻpirtirganda loʻnda-loʻnda qaymoq ajralib chiqqanidek, sheʼrlarni har gal oʻqiganimda teran hikmatlar namoyon boʻlaverardi. Masalan: “Oʻzbekiston” sheʼrini oʻqiganda: “Ona xalqim, jon tanim manim. Oʻzbekiston Vatanim manim”, – deb bor ovozda hayqirgim kelardi.

“Oʻz toʻdangdan nega uchding, qaytish yoʻlin bilmasang?!” deb mitti yulduz holiga achinardim. “Ona sayyora” sheʼridagi: “Ummonlar koʻrinar qatra yosh misol. Chigit uvogʻicha kelmas togʻlar ham...”, “Sharqda choʻpon yoqqan gulxanning nuri, Shimol sayyohiga koʻrinib turar”, misralarini oʻqib, ularni hayajon bilan tasavvur qilardim.

Gʻafur Gʻulom xotirasiga yozilgan “Alvido, Ustoz” sheʼridagi: “Yorugʻ bu olamda bormikin axir shoir oʻlimidan ortiqroq motam!” yoʻqligiga qaygʻurardim. “Munojot”ni tinglab”ni oʻqiganimda “Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga, qanday chiday olgan ekan odamzod!” deya gʻamgin oʻylarga botardim. “Qarshi qoʻshigʻi”ni oʻqiganimda Qarshi choʻllariga astoydil mehrim tushib qolgani rost. “Birinchi muhabbatim” yuragida ishq nish urgan tengdoshlarimning sevgi gimni edi. Ayrim sevgida omad chopmaganlar:

– Xayr endi...

Qalbimda bir vido qoldi,

Xayr endi, sen ketding, begunoh ohu.

Bugun sen qaydasan? Qaylarda qolding?!

deb nido qilgan majruh yuraklar ahvoliga guvoh boʻlganman. “Iltijo”ni oʻqiganda esa: “Ayriliqdan qoʻrqmasman bugun, Men qoʻrqaman sevib qolishdan”, – degan hadik vujudimda ildiz otgan. “Sen bahorni sogʻinmadingmi?” deb iltijolar qilganman. “Ayol” sheʼrini oʻqiganda yuragimiz alam bilan yigʻlagan. “Nay”ning faryodi hamon qulogʻimizdan ketmaydi. Hamon “Dorboz”da yozilganidek: “Biz-chi, eh... baʼzi bir koʻzi ochiqlar. Eplab yurolmaymiz katta yoʻlda ham”. “Onajon” sheʼrini mangu vido qoʻshigʻi, deb atagim keladi:

Tushlarimda mayli boshim

Silab turgin, onajon.

Qolganlarga endi umr

Tilab turgin onajon...

“Ruhim” ana shunday ruhiy kuch-qudrat bilan meni Toshkent sari yetakladi. Abdulla aka bir sheʼrida: “Men sheʼr izlayman Toshkent koʻchalarida”, deb yozgan. Men esa poytaxt koʻchalarida Abdulla Oripovni izladim. Izlab-izlab topdim...

Oʻshanda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida ishlab yurardim. Taniqli hofiz va shoir akamizning xonadonida bir piyola choy ustida maʼrifiy suhbat boʻldi. Hali sobiq shoʻro davrining “qayta qurish va oshkoralik” davri boshlanmagan, Abdulla aka yozganidek, hali “Ishonch koʻpriklari” buzilmagan hamda “Malomat toshlari” otilmagan bir samimiy oʻzbekona davra edi. Abdulla Oripov davraning toʻrida savlat toʻkib oʻtirardi. Davradagilarning nigohi u kishida edi.

Oʻshanda davrdagilardan baʼzilari toza havo olishga chiqdilar. Mening koʻzim Abdulla akada edi. Kutilmaganda u kishi meni imlab yonlariga chaqirdilar. Salom-alikdan soʻng oʻtiring, deb ishora qildilar. Orzuim ushalgan edi.

– Qayerliksiz uka? – deb soʻradilar.

– Buxoroning Navoiysidanman, – dedim hayajon bilan.

– Sizni kim tarbiya qilgan? – yana savol berdi Abdulla aka.

– Bobom bilan biyim, – dedim.

– Ular hayotmilar? – yana soʻradi ustoz.

– Bobom olamdan oʻtganlar. Biyim hayot, borlar, – dedim.

– Momodan tez-tez xabar olib turing, – dedi Abdulla aka. Soʻng davom etdi: – Yozganlaringizni adabiyot gazetasida oʻqiyapman. Yaxshi. Dadillik bor. Endi bir gap: yaxshi narsalarni yozavering. Lekin mana shunday kamtar, oddiy boʻlib yuring. Yaxshi kitoblar yozing, Toshkentdagi izlaringiz behuda ketmasin. Odamiylik bilan kamtarlikni unutmang, – deb qatʼiy tayinladilar.

Ustozning bu bebaho pand-nasihat va oʻgitlari men uchun hamon yoʻlchiroq boʻlib kelayotir. Oʻsha kun men uchun haqiqiy bayram va bir umr xotiramdan oʻchmaydigan kun boʻlganligi hali-hanuz yodimda.

Yana bir yorqin xotira. Oʻzbekiston xalq artisti, milliy estrada sanʼati asoschisi Botir Zokirov hayoti va ijodiga qiziqib maqolalar yozib yurardim. Bir kuni navbatdagi maqolamni oʻqigan ustoz Abdulla Oripov shunday dedilar: “Uka Botir aka haqidagi maqolangizni oʻqidim.

Yaxshi yozibsiz. Undan bir kitobning hidi kelyapti. Botir Zokirov sanʼatimiz va madaniyatimizning yirik va jahon biladigan namoyandasi edi. Shu ulugʻ inson va sanʼatkor haqida kitob yozsangiz xayrli ish boʻlardi”...

Taklif juda yoqdi. Abdulla akaning turtkisi va taklifi bilan “Yurak boʻronlari” kitobi yaratildi.

Millatimizning ulugʻ shoiri Abdulla Oripov umrining soʻnggi yillarida chetga surib qoʻyildi. Oʻshanda kamina “Oʻzbekiston” NMIU da xizmat qilardim. Bir kuni Abdulla Oripov qoʻngʻiroq qilib, yangi yozilgan sheʼrlarini kitob qilgan ekan. Uni shoir ijodining tolmas tadqiqotchisi Doniyor Begimqulov olib borishini aytdi

. Qoʻlyozmani oʻqib chop etishga tayyorladim. Kitob 2015-yilda “Yangi sheʼrlar” nomi bilan chop etildi. Abdulla aka kitobni koʻrib, benihoya xursand boʻldilar. “Siz menga bir vaqtlar Abdulla Qahhor qilgan yaxshilikni qaytardingiz”, deb qayta-qayta duolar qildilar.

Bu orada Abdulla aka Amerikada davolanib keldilar. Yana yangi yozilgan sheʼrlarni 2016-yilda “Everest va ummon” nomi bilan chop etdik. Kitobni qoʻliga olgan shoir quvonchining chegarasi yoʻq edi... Nishona nusxasidan shoir ukamiz Gʻayrat Majid bilan Abdulla akaga olib bordik. Eh-he, shoirning quvonchini koʻrsangiz edi.

U kishi 2016-yil sentyabrda yana Amerikaga davolangani ketdi. Ustoz Neʼmat Aminov aytganidek: “Abdulla Oripov shamga oʻxshab oxirigacha yonadi”. Aynan shunday boʻldi.

Abdulla aka Amerikadan qoʻngʻiroq qilib, yangi yozgan sheʼrlarini shoir Alisher Nazar internet orqali peshma-pesh olib kelib turdi.

Abdulla aka AQSHning Xyuston shtatida davolanayotgan edi. U kishi bilan kunaro kech soat toʻqqizlar atrofida telefonda gaplashardik. Baʼzan yangi sheʼrlaridan oʻqib berardi.

Oʻsha kuni 2016-yilning 3-noyabri edi. Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning 4-noyabrda Nurota tumanida Navoiy viloyati saylovchilari bilan boʻlgan uchrashuvida men ham ishtirok etdim. Shundan sal avvalroq Abdulla aka Amerikadan qoʻngʻiroq qildi. Hol-ahvol soʻrashgandan soʻng, uchrashuvda ishtirok etishimni aytdim. Abdulla aka kutilmaganda xursand boʻlib, shunday dedilar:

– Ukajon, hammasi zoʻr boʻladi. Xudo xohlasa, Shavkat Mirmonovich albatta Prezident boʻladilar. Bundan oʻzbek xalqi va Oʻzbekiston koʻp narsa yutadi. Hayot va taraqqiyot yaxshi tomonga oʻzgaradi. Meni aytdi deysiz, mutlaqo yangi yoʻldan ketamiz. U kishi albatta Prezident boʻladilar, – dedi. Ulugʻ shoirning chin dildan aytgan duosi ijobat boʻldi.

Ashurali JOʻRAYEV,

yozuvchi