“SADOI FARFONA”NING HUR SADOLARI yoxud insonlarni maʼrifatga chorlagan minbar

    Madaniyat 24 Iyun 2020 3990

    Jadid matbuotining yirik nashrlaridan biri — 1914-yil 3-apreldan chiqa boshlagan “Sadoi Fargʻona” gazetasidir. Qoʻqon shahrida chop etilgan gazetaning egasi va muharriri togʻ-kon muhandisi Obidjon Mahmudov boʻlib, gazeta uning xususiy matbaasida bosilgan.

    “Madaniy davlatning barcha fuqarolari maʼrifatning porloq ziyosiga intilmogʻi kerak. Madaniyat ziyosiga yoʻl ochmoqning eng yaxshi omili matbuotdir”.

    Mahmudxoʻja BEHBUDIY

    Gazeta xalqni jaholatga qarshi kurashga, foydasiz rasm-rusum va bidʼatlarni tugatishga, ularga sarflanadigan mablagʻlarni esa millat bolalarini oʻqishi uchun ishlatishga chaqirdi. “Sadoi Fargʻona” ilk sonlaridanoq xalqning sevimli gazetasi va muhokama minbariga aylanib ulgurdi.

    Gazeta Turkiston jadidlarining taʼlimni isloh etish gʻoyasini bosh masala sifatida oʻz oldiga qoʻydi va “usuli jadida” maktablarini targʻib etdi. Uning 9-sonida “Muallim afandilarga ochuq maktub” nomli xabarda muallif jadid maktablari muallimlarining imtihonga tayyor ekanligini taʼkidlab, ularning mehnatlariga tashakkur izhor etadi. “Sadoi Fargʻona”ning 13-sonida Qoʻqonning “Xonaqoh” mahallasidagi “Maktabi Muhammadiya” haqida soʻz yuritilgan boʻlsa, 17-sonida Yahyo qori Shahrixon jadid maktablarida oʻtkazilgan imtihonlarda oʻquvchilarning ilmidan magʻrur boʻladi va muallimlarni alqaydi. “Sadoi Fargʻona”ning 44 va 47-sonlarida Obidjonning “Usuli jadidni ixtiro qilib turub, yana boshqalardan shikoyat qiluvchilargʻa taajjub” maqolasida maktab va madrasalarda taʼlim berish usulini mujtahidlar ilgari ham isloh qilgani haqida yozadi. “Usuli jadida endi oʻylab topilgan narsa emas, eski maktabni isloh qilishga qarshi turuvchilar biroz mulohaza qilsinlar, hozirgi voqelik, ijtimoiy turmushning mohiyatiga yetmay, ularning johilligi tufayli aziyat chekayotganlar bor. Bunga qaysi biri — usuli qadimmi yoki usuli jadid maktablari aybdormi”, deb oʻz fikrini xulosalaydi muallif.

    Gazetaning 76-sonida qoʻqonlik H.H.N. imzosi ostida (Hamza) “Muallim afandilarimiza ulugʻ rajomiz” sarlavhali murojaatda turkistonlik musulmonlarning hayotda tuban va xor boʻlib yashayotganlarga zamonaviy bilimlardan chetda qolayotgani sabab boʻlayotgani aytiladi. Hamzaning “Maktabi “dor ul-aytom”, yangi yetimlar maktabi” maqolasida esa ota-onasi yoʻq, koʻcha-koʻyda qolgan bolalarni oʻqitish masalasi koʻtarilgan. “Sadoi Fargʻona”ning 61-sonida Mahmudxoʻja Ahmadxoʻja oʻgʻlining “Kecha maktabi ochilur” maqolasida kechki maktablarni ochish masalasining dolzarbligi va unda oʻqitiladigan bilimlar batafsil bayon qilinadi. Nashrning 93-sonida “Hunar maktabi” nomli xabarda Andijonda sartaroshlik maktabi ochilgani va hunar egalarining ish bilan taʼminlanishi haqida yoziladi. Shuningdek, gazetaning 7-sonida bosilgan “Rusiyada yahudiy maktablari” nomli maqolada: “Rusiya yahudiylari musulmonlarning choragidan ham kam boʻlib, hammasi 6 million miqdoricha bordir. ...1914-yilgi hisobotga qaraganda, yahudiylarning oʻz din va tillarini oʻrgatadirgan milliy maktablari Rusiyada rasmiy 10000 dan ortiq ekan. Ulardan besh barobar ortuq musulmonlarning eski va yangi maktab madrasalari bilan bari qoʻshilib ham 9000 ga yetmaydur”, deyilgan.

    “Sadoi Fargʻona”ning 44-sonida “Buxoroda maktablar yopilmoqda” nomli maqolada 1914-yil 5-iyul, shanba kuni Buxoro qozikaloni va qushbegisining Buxoroda 3 ta (Govkushon — 70 nafar oʻquvchi, Bozori Kafsh — 20 nafar, ­Labihovuz — 35 nafar) yangi usul maktabini yopib, oʻqituvchilardan xat olgani maʼlum qilinadi. Muallif koʻchada qolgan bolalarning yigʻlab yurgani haqida yozadi. Turkiston oʻlkasidagi taraqqiyparvarlik harakatini qoʻllab-quvvatlab, Turkmanistonning Chelikin ovulida ochilgan jadid maktabi muvaffaqiyatlarini, Koshgʻarda ochilgan jadid maktabi haqida xabar beradi.

    “Sadoi Fargʻona” sahifalarida oliy taʼlim muammolari, ayniqsa, madrasa taʼlimini isloh etish bilan bogʻliq munozaralarga keng oʻrin ajratilgan. Uning ilk sonida Shokir Muxtorov “Islohni nimadan boshlargʻa?” maqolasida tarbiyani, eng avvalo, ibtidoiy maktablarni isloh qilishdan boshlash kerak, deydi. Gazetaning 3-sonida mulla Abdullabek Musobek hoji oʻgʻlining “Isloh ul-isloh” maqolasi ham shu mavzuga bagʻishlangan. Muallif Sh. Muxtorovni tanqid etib: “Mavjud madrasalarni tanqid qilish deb, ularni yoppasiga yerga uraverish kerak emas, negaki hozircha ushbu madrasalarimizdan boshqa oliy tahsil oladigan muassasalarimiz yoʻq. Buning ustiga, alloma darajasiga koʻtarilgan buyuk ajdodlarimiz barchasi madrasalardan chiqqan. Faqat qadimda mudarrislar toʻy, ziyofat, taʼziya va hokazo deb darsni tashlab ketmaganlar. Agar vijdon bilan yondashilsa, hozirgi madrasa taʼlimi dasturidagi barcha fanlarni oʻzlashtirish mumkin”, deydi. Gazetaning 7-sonida Sh.Muxtorovning “Mo fi isloh ul-isloh” maqolasi yuqoridagi fikrlarga javob shaklida yozilgan boʻlib, muallif “ulumi qadima”ni inkor etmasligini, faqat talabalarga dunyoviy ilmlar boʻyicha asl manbalarni emas, hoshiyalarni oʻqitishga, eng moʻtabar va kerakli kitoblar oʻrniga “Rivoyati mutanoqaza”, “Jomeʼ ar-rumuz” kabilarni oʻqitishga qarshiman, deydi. Darhaqiqat, keng muhokama etilgan bu munozaralar jamoatchilikda ijtimoiy fikrning uygʻonishiga, ziyolilarimiz, xususan, ulamolarimizning oʻz faoliyatlariga bir oz boʻlsa-da, tanqidiy yondashishlariga sabab boʻlgan edi. “Samovarda mullabachchalar” maqolasida talabalar axloq-odobga va koʻchada bekor yurmaslik, oʻzlarining xulqi bilan xalqqa oʻrnak boʻlishga chaqiriladi.

    “Sadoi Fargʻona” oʻz sahifalarida siyosiy xabarlarga ham keng oʻrin bergan. Muhimi, bu materiallar toʻgʻridan-toʻgʻri mustamlakachi manfaatini emas, aksincha, Turkiston xalqlarining qiziqishlarini ham ifoda etgan. Nashrning 44-soni ilk sahifasidagi “Avstriya-Serbiya ixtilofi” maqolasi urush mavzusiga bagʻishlanadi. Unda urush harakatlari haqida oʻquvchilarga batafsil maʼlumot beriladi. Gazetaning 52-sonida Nuriyning “Ovroʻpa urushi” maqolasida urush endi jahonning barcha mamlakatlarini qamrab olganligiga eʼtibor qaratiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, muallif qardosh Turkiyaning urushga kirishi kutilayotganidan tashvish bildiradi. U aslida Turkiyaning doʻsti yoʻq va uning betaraf turgani yaxshi edi, deb xulosa bildiradi. “Sadoi Fargʻona”ning 77-sonida “Rannee utro” gazetasidan olingan maqola berilib, unda Turkiyaning urushga kirishi va uning harbiy ahvoli haqida oʻquvchilarga xabar beriladi. Bu, avvalo, oʻquvchilarning talablari natijasi boʻlib, jahon urushida Turkiston xalqining Turkiya mamlakatiga nisbatan hamdard munosabatidan dalolat beradi. Gazetaning 82-sonida “Targʻib iona” maqolasida urushning insoniyat boshiga solayotgan kulfatlari haqida aytilib, aholi jabrdiyda musulmonlarga yordam tariqasida ionalar yigʻishga chaqiriladi. Shuningdek, 84-sonida “Hind musulmonlariga murojaat” nomli xabarda musulmonlarning urushga nisbatan pozitsiyasi qanday boʻlishi kerakligi aytiladi. Jumladan, islom mamlakatlarining yetakchisi boʻlgan Turkiyaning urushga kirishi oxirida har qanday holatda uning ziyoniga oʻynashi va davlatning imperialistlar tomonidan boʻlib olinishiga olib kelishi yoziladi. Darhaqiqat, urush yakunlanishi bilan Turkiya oʻz hududlarining deyarli 80 foizidan ayrilgan edi. “Sadoi Fargʻona”ning 94-sonida N.Donchenkoning “Russkoye slovo” gazetasida eʼlon qilingan maqolasi asosida “Urush maydonidagi turkmanlar” maqolasini muallif turkiy yigitlarning azaldan jasoratli boʻlgani, bu dasht arslonlari Chingizxon, Amir Temur qoʻshinlarida dunyoning eng qudratli armiyalarini barpo etganini esga olishdan boshlaydi. Shundan soʻng turkman yigitlarining tugʻma bahodirligi, otlarining chidamliligi, sardorlari askarlar bilan teng yashashlari hamda jangda yagona kuchga aylanishi va ularni hech qanday yutib boʻlmasligini yozadi. Bu maqola mustamlaka zulmi ostida ahvoli zabun, milliy armiyadan mahrum xalqning gʻururini tiklashga, milliy istiqlol uchun birinchi zaruriy shart boʻlgan milliy armiya orzusining ifodasi edi.

    Nashrning 96-sonida “Insoniyat qahramoni betaraf qiz” haqidagi maqolada urush maydonlaridagi hayot qalamga olinadi va insoniyat uchun urush hech qachon foyda keltirmasligi aytib oʻtiladi. Bu Turkiston jadidlarining urushga nisbatan yakdil pozitsiyasini ifodalar edi. “Sadoi Fargʻona” gazetasining sahifalari dunyoda kechayotgan jarayonlarni aynan milliy manfaatlar va intilishlar yuzasidan aks ettirgan. Jumladan, Yaponiyada tatar teatri qoʻyilishi, Yaponiyada musulmon deputati va ayollar huquqi masalalariga ham oʻrin ajratiladi.

    “Sadoi Fargʻona”ning soʻnggi 123-soni 1915-yilning 6-iyunida chop etiladi. Gazeta oʻz davrining siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy, maishiy muammolarini dadil koʻtara olgan nashr sifatida oʻzbek jurnalistikasi tarixidan munosib oʻrin egalladi. Turkistondagi boshqa jadid gazetalaridan “Sadoi Fargʻona”ning yana bir farqli jihati shu ediki, u oʻzining sahifalarida ulamolar uchun ham keng oʻrin berdi va hech qachon keskin ziddiyatga sabab boʻluvchi maqolalarni chop etmadi. Mana shu moʻtadil siyosati tufayli gazeta Turkiston ulamolarining ham, jadid taraqqiyparvarlarining ham birday sevimli minbariga aylana oldi. Ikkinchi tomondan, gazeta ijod ahli uchun ham keng oʻrin ajratdi. Gazeta sahifalarida Soʻfizoda, Tavallo sheʼrlari, yosh Choʻlpon, Ibrohim Davronning ilk ijodiy namunalari nashr etildi. Aytish mumkinki, “Sadoi Fargʻona” keyinchalik Turkistondan koʻplab ijodkorlar, jurnalistlar yetishib chiqishida ham katta rol oʻynadi. “Sadoi Fargʻona” oʻz sahifalarida siyosiy axborotlar uchun ham keng oʻrin ajratgan. Bu materiallar, asosan, Birinchi jahon urushi bilan bogʻliq boʻlsa-da, Turkiston jadidlarining muayyan maqsadlarini ifodalashi bilan ahamiyatga molikdir. “Sadoi Fargʻona” oʻz davrida xalqimizning siyosiy ongini, siyosiy madaniyatini oshirishda bemisl xizmat qildi. Keyinchalik ilk siyosiy tashkilotlar, siyosiy partiyalarning paydo boʻlishida juda katta rol oʻynadi.

    Bahrom IRZAYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
    Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi