Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
15-iyul kuni Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Peshku tumanining Safron choʻl massivida reyd tadbiri oʻtkazilgan.
Tadbirda inspeksiya boshligʻi J.Toshev, A.Qurbonov, B.Roʻziyev, J.Yadgarov, F.Murodov, N.Muhammadiyev va O.Hesenovlar ishtirok etgan.
Reyd davomida ular “ZIL” rusumli yuk mashinasida choʻl massividan noqonuniy ravishda saksovul kesib, ortib ketilayotgan fuqarolarni aniqlashdi. Boshqarmaga tegishli “JAK” avtomobilida taʼqib boshlandi.
Qariyb 110 km masofada kuzatuv davom etdi. Yuk mashinasi Gʻuzor–Buxoro–Nukus A-380 trassasidan Xorazmga qarab yoʻl olgan paytda, J.Toshev boshqa mashinalarni nazorat qilish uchun ikki xodimni tushirib, taʼqibni davom ettirdi.
Bir necha daqiqalardan soʻng “90 X 780 XX” davlat raqamli “ISUZU” rusumli yuk mashinasi inspektorlar yoʻlini toʻsdi. Mashinadan nomaʼlum shaxslar qoʻlida bitalar, temir trubalar va boshqa sovuq qurollar bilan tushib, boshqarma avtomobilini shikastladi hamda J.Toshevni haqorat qildi. U voqea joyidan chiqib ketdi.
Shuningdek, N.Muhammadiyev va O.Hesenov jismoniy tarzda kaltaklanib, ogʻir tan jarohatlari oldi. Muhammadiyevning oyogʻi sindi. Ularni yuk mashinasiga majburan chiqarib, oʻzlari bilan olib ketishgan, biroq harakat paytida mashina orqasidan oʻzlarini tashlab, qochib ketishga muvaffaq boʻlishgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Tuproqqalʼa tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.









