Respublikamizga chetdan olib kirilgan tovar-moddiy boyliklar uchun davlat byudjetiga undiriladigan bojxona toʻlovlaridan boʻyin tovlashga urinayotgan shaxslarning qingʻir qilmishlariga oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.
Xususan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan mazkur yoʻnalishda qator holatlar fosh qilindi.
Boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi hamda “Doʻstlik” chegara bojxona bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda soxta “tadbirkor” T.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Ushbu shaxs xorijda ishlab chiqarilgan, ammo bojxona nazoratidan oʻtkazilmagan kiyim-kechaklarni chegara oldi hududda avvaldan yirik miqdorda gʻamlab, soʻngra fuqarolarni moddiy manfaatdorlik hisobiga yollab, goʻyoki shaxsiy foydalanish niqobi ostida mayda turkumlarda olib kirishga urinayotgan paytida toʻxtatib qolindi.
Xuquqbuzarlik natijasida umumiy qiymati 253 400 000 soʻmlik xorijda ishab chiqarilgan 13 turdagi bolalar qishki kiyim-kechaklari vaqtincha saqlovga olindi.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan viloyatda faoliyat yurituvchi korxonalardan birining nomiga xorijdan keltirilgan tovarlar belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.
Natijada, yuklar orasida yoʻl yuk-kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilganidan ortiqcha, umumiy qiymati 224 600 000 mln. soʻmlik 2 turdagi 382 365 dona rezina koptoklar borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.