Salomatlik aksiyasi: Taxiatosh aholisi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasiga qarashli ambulator-diagnostika markazida “Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbir doirasida tor soha mutaxassislari tomonidan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.

    Bunda zamonaviy MRT, sayyor mammografiya, EKG, UTT uskunalari uchun xoslangan maxsus mobil tibbiyot xonalari imkoniyatlaridan unumli foydalanildi.

    — Ushbu ambulator-diagnostika markazi aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida qurilgan, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Tabassum Ro‘zmetova. — Aksiya davomidagi tekshiruvlarda kasalliklar aniqlangan ehtiyojmand fuqarolar stasionar sharoitda davolanadi.

    Ta’kidlash lozimki, joriy yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida shunday tibbiy ko‘riklar orqali 18-40 yoshdagi 753 ming nafar aholini profilaktik ko‘rikdan, 40 va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 548 ming nafar fuqaroni yurak-qon tomir xastaligi va qandli diabet bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish rejalashtirilgan.