Maqola  muallifi  Abdulxamid al-Kubbi Samarqand oʻzining oʻrta asrlardagi ziyoratgohlari, moviy gumbazlari, shuningdek, ajoyib mazali va betakror oshxonasi bilan haqli ravishda Oʻzbekistonning mashhur shaharlari orasidagi marvarid ekanini taʼkidlangan.

“Samarqand, Oʻzbekistonning ikkinchi yirik shahri. Ikki ming yildan ortiq vaqt davomida ushbu kent koʻplab madaniyatlar chorrahasi boʻlib kelgan, - deb yozgan muallif. - Samarqandda savdogarlar, olimlar va tadqiqotchilarning yoʻllari kesishgan, ular oʻzlari bilan tovarlar, gʻoyalar, tillar va madaniyatlarni olib kelgan”.

U, shuningdek, 2001-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan ushbu  shahar Sharq va Gʻarb bilan toʻqnashadigan sayyohlik va tarixiy markazga aylanib, meʼmorchilik va sanʼatda hamon jaranglab kelayotgan anʼanalarning oʻziga xos uygʻunligini saqlab kelayotganini qayd etgan.

“Samarqand miloddan avvalgi VII  asrda qadimiy Afrosiyob nomi bilan tashkil etilgan, u koʻplab hukmdorlar taʼsirida boʻlgan, ammo shahar oʻzining eng muhim taraqqiyotini Temuriylar davri  XIV-XV  asrlarda boshidan kechirgan”, - deyiladi maqolada.

Nashrda mashhur  Registon majmuasi  haqidagi batafsil maʼlumotlar  mushtariylar  eʼtiboriga  havola  qilingan.

“Kechki payt Registonga tashrif buyurish uchun ajoyib vaqt. Quyoshning iliq va oltin nurlari obidalarga goʻzal nur sochib, ularning ulugʻvorligini yanada oshiradi, - deya taʼkidlagan muallif. - Kunning bu vaqtida peshinga nisbatan kamroq tashrif buyuruvchilar bor, bu sizga ushbu  ulugʻvor majmua bilan kengroq tanishish imkonini beradi”.

Abdulxamid al-Kubbi shaharning janubiy qismiga qarab yursangiz, siz meʼmoriy majmualarni va XIV-XV  asrlardagi Temuriylar davriga oid oʻrta asr shahriga duch kelishingizni maʼlum qilgan. Bu davr mintaqada shaharsozlik, meʼmorchilik va sanʼatning shakllanishida asosiy rol oʻynadi.

“Temuriylar davri hunarmandlarining islom ansambllarini loyihalash va qurishdagi taʼsiri islom meʼmorchiligi va sanʼatining rivojlanishida muhim rol oʻynadi hamda butun mintaqaga katta taʼsir koʻrsatdi”, - deyiladi  maqolada.

Nashrda, shuningdek, Goʻri Amir, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, Shoxi Zinda ansambli va  boshqa  tarixiy obidalar haqidagi batafsil maʼlumotlar qalamga  olingan.  

 Muallif oʻzbek milliy taomlari haqida ham toʻxtalib oʻtgan.  “Ayniqsa, oʻzbek milliy oshxonasining  shoh taomi boʻlgan palovni tatib koʻrishni unutmang, - deya maslahat beradi muallif. – Shuningdek, Oʻzbekistonning har bir viloyatida ushbu mazali taomning oʻziga xos retsepti bor. Samarqand palovi anʼanaviy tarzda qatlam-qatlam pishiriladi, bu esa Toshkent yoki Fargʻona paloviga qaraganda kamroq yogʻli boʻlib, koʻpincha sarimsoq va qovurilgan noʻxat bilan bezatiladi. Palov odatda suzma yoki turli xil salatlar bilan mehmonga uzatiladi”.

Abdulxamid al-Kubbi “Alharir.info” onlayn nashri oʻquvchilari eʼtiboriga, shuningdek, Samarqand xalqaro aeroporti, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi haqidagi batafsil maʼlumotlarni ham taqdim qilgan.