Davlatimiz rahbari viloyat jadal surʼatda rivojlanayotgani, sanoati boʻyicha respublikada toʻrtinchi oʻringa koʻtarilganini qayd etdi.
Viloyat yiliga 280 ming tonna paxta, 530 ming tonna gʻalla va 2,5 million tonna meva-sabzavot yetishtiradi.
Shu bilan birga, Andijonda hali ishga solinmagan imkoniyatlar va salohiyat juda katta ekani koʻrsatib oʻtildi.
Andijon viloyati sanoati yirik korxonalarga bogʻlanib qolgan. Uning 70 foizini Andijon shahri va Asakadagi mashinasozlik korxonalari berayapti.
Viloyat eksportining 82 foizini, tayyor mahsulotlarda - 76 foizini toʻqimachilik bermoqda. Samarqand bilan bir xil miqdorda meva-sabzavot yetishtiradigan Andijon 5 barobar kam eksport qiladi.
Mehmonxona oʻrinlarini 90 foizi ham bitta Andijon shahrida.
Davlatimiz rahbari eskicha ishlash bilan uzoqqa borib boʻlmasligini, hokimlar, sektor rahbarlari oʻzgarishi kerakligini qayd etdi.
Yigʻilishda qurilish, suv taʼminoti, yoʻl, koʻcha va mahallalarni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga koʻtarish va bu borada Andijon tajribasini yaratish muhimligi taʼkidlandi.
Viloyatdagi mahallalarni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish boʻyicha dastur amalga oshiriladi.
Bu maqsadlarga 850 milliard soʻm kredit resurslari va 50 milliard soʻm subsidiya ajratiladi.