“Oltoy – Osiyo” V xalqaro taʻlim forumi doirasida Rossiyada Osiyo universitetlari Assosiasiyasining Kongressi oʻtkazildi. Anjumanda assosiasiyaga kiruvchi 8 davlatdan (Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Tojikiston, Armaniston ) 72 ta universitetning rektor va prorektorlari, jami 112 delegat ishtirok etdi.
Ushbu forumda Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov onlayn ishtirok etdi. Shuningdek, SamDU xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Akmal Axatov maʻruzasi bilan qatnashdi.
Uchrashuvda 2020-2022-yillardagi ishlarni sarhisob qilish, assosiasiyaning yangi aʻzolarini qabul qilish va tasdiqlash, Osiyo universitetlari assosiasiyasi prezidenti va vise-prezidentlarini saylash va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov Osiyo universitetlari Assosiasiyasining prezidenti etib saylandi. Assosiasiyaga prezidentlik lavozimining muddati ikki yil boʻlib, 2022-2024-yillarni oʻz ichiga oladi.
Rustam Xolmurodov anjuman qatnashchilarini ish rejasi bilan tanishtirdi. Unda Osiyo mamlakatlarida assosiasiyani institusionalizasiya qilish va universitetlarning ishga jalb qilinishini kuchaytirish, assosiasiyaga yangi ishtirokchilarni kiritish hamda hamkorlik geografiyasini kengaytirish, qoʻshma oʻquv dasturlarini taqdim etish, tadbirlar roʻyxatini tasdiqlash masalalari koʻrsatilgan.
Osiyo universitetlari Assosiasiyasining prezidenti, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov IT texnologiyalar, agrobiotexnologiyalar sohasini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, mintaqalardan kelib chiqib, ekologik muammolarni bartaraf etish yuzasidan Osiyo universitetlari Assosiasiyasi tarkibidagi universitetlar oʻrtasida ilmiy guruhlar tuzish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish va ilmiy maʻlumotlar almashish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan takliflarni ilgari surdi.
Bu gʻoyalar nafaqat taʻlim sifatini yaxshilash, balki zamonaviy texnologiyalar boʻyicha tajriba almashish, yuqoridagi 72 universitet oʻzaro hamkorlikni doimiy yoʻlga qoʻyish imkoniyatini beradi.