Samarqand deklaratsiyasi: dunyo ilm ahli Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatladi

    Samarqanddagi Kongresslar markazida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) VIII Xalqaro kongressining yopilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Dunyoning 35 davlatidan 300 dan ortiq ishtirokchi Samarqand deklaratsiyasini qabul qilishib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga anʼanaviy Murojaatnoma bilan chiqishdi. Tadqiqotchilar Shavkat Mirziyoyevga joriy yil 24-avgust kuni boʻlib oʻtgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII Xalqaro kongressining ochilishi munosabati bilan ishtirokchilarga yoʻllagan tabrigi uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining samimiy munosabati “Ularni yangi kashfiyotlar va yutuqlarga ilhomlantirayotgani”ni taʼkidladilar.

    “Biz, hamfikrlaringiz sifatida Yangi Oʻzbekistonda «Uchinchi Renessans” deb nom olayotgan barcha jabhalarda, jumladan, taʼlim, fan, madaniyat va maʼrifatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Yangi Oʻzbekiston ilm-fan va taʼlim markazlaridan biri sifatida tobora jahon miqyosida shuhrat qozonmoqda. Yuksak maʼnaviyat, taʼlim-tarbiya, shuningdek, mamlakat madaniy merosini oʻrganish va asrab-avaylash davlatning barqaror rivojlanishi va farovon kelajak barpo etishining garovidir, degan fikringizga toʻliq qoʻshilamiz», – deyiladi murojaatda.

    Mutaxassislar Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning yuksak minbaridan turib bildirilgan insonparvar Islom gʻoyasi keng qoʻllab-quvvatlanayotganini qayd etib, maʼnaviyatni boyitish muhimligini taʼkidladi. “Biz sizning tashabbuslaringizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz va Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasi uchun madaniy merosini asrab-avaylash boʻyicha keng koʻlamli loyihalarning eng faol ishtirokchisi boʻlishga tayyormiz”, – deyishdi olimlar.

    Murojaatda Oʻzbekiston rahbarining noyob mualliflik mega-loyihasi – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yuksak baholandi. Ishtirokchilar madaniyat maskanlarida boʻlib, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy maʼnaviyat markazida barpo etilayotgan mahobatli inshootlar bilan tanishdi. Kongress davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini sifatli mazmun bilan toʻldirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan 300 dan ortiq maʼruzalar, takliflar, intervyular, bayonotlar va taqdimotlar taqdim etildi.

    “Biz nafaqat Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga qoʻshilish, balki Sharqda ilm-fan va maʼrifatning yorqin mashʼaliga aylanadigan kuchli ilmiy-madaniy platforma yaratishni oʻzimizning eng muhim vazifamiz deb bilamiz”, – deya fikrlarini yakunlashgan olimlar.

    Yalpi majlis doirasida ishtirokchilar WOSCU VIII Xalqaro Kongressi yakunlarini sarhisob qildilar va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmuni uchun asos boʻlib xizmat qiladigan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qoʻshma loyihalari “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqladilar. Dolzarb vazifalar qatoriga noyob qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini yaratish, muzeyshunoslikdagi innovatsion ishlanmalar, yangi arxeologik va etnografik ekspeditsiyalar, hattoki sunʼiy intellektni fanga joriy etish kabi masalalar ham kiradi.

    Qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi kongressning toʻrt kunlik ishini yakunlab, tadbir ishtirokchilarining taraqqiyot va maʼrifat gʻoyalariga sodiqligini tasdiqladi. IRCICA, TURKSOY, “Al Furqan” jamgʻarmasi, Arab dunyosi instituti, Xalqaro Turkiy akademiya kabi 10 ta yirik xalqaro tashkilot rahbarlari, 15 nafar akademik, 40 nafar professor va dotsent, 103 nafar fan doktori, 54 ta muzey va kutubxonalar direktorlari, 5 nafar oliy oʻquv yurtlari rektorlari, 5 ta nashriyot uyi direktorlari 35 davlatdan 300 dan ortiq ishtirokchilar nomidan murojaatni “Al Furqan” jamgʻarmasi direktori Sali Shahsivari oʻqib eshittirdi.

    “Biz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish boʻyicha tashabbuslarini ahamiyatli deb eʼtirof etamiz. Ushbu madaniy-gumanistik megaloyiha Sharqning buyuk olimlari va mutafakkirlarining jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi, jumladan, musulmon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan munosib hissasiga bagʻishlangan fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga kuchli turtki beradi. Biz dunyodagi vaziyatdan tashvishda ekanligimizni bildirmoqdamiz va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT minbaridan turib bayon etgan islom dinining haqiqiy insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyati haqidagi gʻoyalari alohida eʼtiborga loyiq, deb hisoblaymiz. Mazkur gʻoyalarning ”Jaholatga qarshi maʼrifat“ shiori ostida amalga oshirilishi tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz barcha olimlar va tadqiqotchilarni, madaniyat va jamoatchilik vakillarini xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar va istiqbollarni ochib beradigan ushbu keng qamrovli loyiha atrofida birlashishga daʼvat etamiz”.

    Kongressning yakuniy yigʻilishida WOSCU xalqaro mukofoti – “Oltin kitob” taqdim etildi, bu yil u Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston, Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan 10 nafar sharqshunos olimlarga nasib etdi.

    Shuningdek, 20 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan CNN, Euronews, “Rossiya-Kultura”, “Mir”, “Rossiya-24” va Markaziy Osiyo davlatlarining telekanallari jurnalistlari taklif etildi.