Maʼlumki, Fransiyaning “Total Eren S.A.” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari jadal olib borilyapti.
Hozirda kirish yoʻllarini qurish, yer maydonini tekislash va toʻsiqlar bilan oʻrab chiqish ishlari yakunlangan. Shuningdek, respublikaga loyiha doirasida ishlatiladigan uskunalar olib kelinyapti. Hozirga qadar 50 ta konteyner olib kelingan va 200 dan ortiq ishchilar jalb qilingan.
Ilk generatsiya quvvatini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash 2021-yil oktyabr oyiga, loyihani toʻliq ishga tushirish esa 2021-yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.
Mazkur stansiyaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 76 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Mazkur investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan elektr stansiyasining umumiy yer maydoni 353 gektarni, loyihaning umumiy qiymati esa 100 million dollarni tashkil etadi va investor (Fransiyaning “Total Eren SA”) tomonidan 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtiriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.